Farg‘onada bozorqo‘m 100 million so‘mlik kartoshkani talon-taroj qildi
Jamiyat
−
28 mart 2019
9707Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida bozor rahbari qish-bahor mavsumi uchun zaxira qilingan 103 million so‘mlikdan ortiq kartoshka mahsulotini talon-toroj qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qayd etilishicha, tuman dehqon bozori rahbari A.Rahimov boshqa shaxslar bilan til biriktirib kartoshka zaxirasining 26 ming 510 kilogramm iste’molga yaroqli bo‘lgan qismini aprel-may oylarida hech qanday hujjatsiz “Niyozxon-Musaxon” dehqon xo‘jaligi rahbari D.Qosimovga, 8 ming kilogrammini esa may oyida “Nodira diyor mevalari” korxonasi rahbariga berib yuborib, o‘zganing juda ko‘p miqdordagi mulkini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
D.Qosimov boshqa shaxslar bilan oldindan til biriktirib, guruh bo‘lgani holda “Dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati qoshidagi “Oltiariq import eksport” unitar korxonasida zaxira qilingan kartoshka mahsulotining 103 million 530 ming so‘mlik 34 ming 510 kilogrammini bozor rahbari A.Rahimovdan qabul qilib olib, tergovda aniqlashning imkoni bo‘lmagan shaxslarga sotib yuborib, o‘zganing juda ko‘p miqdordagi mulkini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Bundan tashqari, sud jarayonida mas’ul rahbarlarning o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaganliklari natijasida qish-bahor mavsumi uchun zaxira qilingan kartoshka sifatli saqlanmaganligi va ma’lum qismi chirib, iste’molga yaroqsiz bo‘lib qolganligi aniqlandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shtepa tuman sudida mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, A. Rahimov va D.Qosimovlarga tegishli jazo tayinlandi. Ular tomonidan yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplandi.
LiveBarchasi