Farg‘onada aroqdan zaharlanganlarning biri vafot etdi

3-sahifa

image

Avvalroq Farg‘ona viloyatining Oltiariq va Qo‘shtepa tumanlarida yashovchi 7 nafar fuqaro aroqdan zaharlangani haqida xabar bergan edik. Zaharlanganlarning bir nafari vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Oltiariq tumanida Yu.I. qo‘lbola usulda tayyorlangan alkogoldan zaharlanib, vafot etgan. Ushbu shaxs 1970 yilda tug‘ilgan bo‘lib, 3 nafar farzandi bo‘lgan. 

Joriy yilning 5 sentyabr kuni Qo‘shtepa tumanida yashovchi 2 nafar, Oltiariq tumanida yashovchi 5 nafar fuqaro noma’lum moddadan zaharlanishi oqibatida sog‘lig‘i yomonlashib, tibbiyot birlashmasiga yotqizilgandi. 

Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida Qo‘shtepa tumanida yashovchi fuqaro A.D. bir guruh shaxslar bilan til biriktirib, qo‘lbola usulda alkogolli mahsulotlar tayyorlagan. Ushbu mahsulotlarga “AKTAU” va “KARATAU” nomli savdo belgili yorliqlarni yopishtirib, umumiy ovqatlanish shoxobchasi va bir oilaviy korxonasiga ushbu alkogol mahsulotlarini sotgani aniqlangan. 

Kecha, 6 sentyabr kuni A.D.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-(Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, xizmatlar ko‘rsatish) va 186-1- (Etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda u protsessual tartibda ushlangan. Ayni paytda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

aroq Farg'ona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing