Farg‘onada 407 mln so‘mlik “paqilloqlar” paqillamay qoldi
Jamiyat
−
22 noyabr 2023
3611Farg‘ona viloyatidagi xonadonlardan birida 407 million so‘mlik pirotexnika vositalari saqlanayotgani aniqlandi. Bu haqda Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi xabar berdi.
Bildirilishicha, boshqarmaning Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari viloyat DXX va Milliy gvardiya bilan hamkorlikda Qo‘qon shahrida pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yishga qaratilgan navbatdagi tezkor tadbirni o‘tkazgan. Unda fuqarolarning yashash xonadonlari belgilangan tartibda, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.
Natijada xonadon hovlisida texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmagan holda saqlanayotgan 2 turdagi jami 5 mingdan ziyod pirotexnika vositalari borligi aniqlangan.
Manbaga ko‘ra, ushbu mahsulotlar xorijda ishlab chiqarilgan va tegishli hujjatlarga ega bo‘lmagan. Ularning dastlabki qiymati 407 million so‘mga baholanmoqda.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Farg‘ona viloyatida xorijda ishlab chiqarilgan va bojxona nazoratini chetlab olib kirilayotgan dastlabki qiymati 76 mln so‘mga yaqin bo‘lgan jami 500 donadan ziyod “7SHOT” nomli pirotexnika vositalari fosh etilgandi.
LiveBarchasi