Farg‘ona vodiysida halokatli zilzila sodir bo‘ladimi? (video)

Jamiyat

image

Avvalroq, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti O‘zbekistonning ayrim hududlari, jumladan, Farg‘ona vodiysi yuqori seysmik faollik zonasida joylashgani sabab ehtimoliy zilzilalarga oldindan tayyorgarlik ko‘rish zarurligi haqida ogohlantirgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona vodiysida yaqin vaqt ichida kuchli zilzila sodir bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlar tarqaldi. Mazkur xabarlarga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti laboratoriya mudiri Ulfat Nurmatov munosabat bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston seysmik faol hudud hisoblanadi va zilzilalarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan yer yoriqlari hamda ularning seysmik salohiyati uzoq yillar chuqur o‘rganilgan.

“Vahimali narsalarni e’tiborga olmasligimiz kerak. Chunki, bizning hududimiz seysmik faol hudud. Bu hududda zilzilalarni keltirib chiqaradigan yer yoriqlari mavjud. Ularning qanday kuchdagi zilzilalarni yuzaga keltirishi chuqur o‘rganilgan va shu asosda respublika hamda qo‘shni davlatlar hududlari uchun maksimal seysmik xavf baholangan”, deydi Ulfat Nurmatov.

Uning aytishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda qurilayotgan barcha bino va inshootlar aynan seysmik xaritalar asosida ishlab chiqilgan loyihalar bo‘yicha barpo etiladi.

“Yirik shaharlarning seysmik mikrotumanlashtirish xaritalari tuzilgan. Qurilish tashkilotlari loyihalarni aynan shu baholarga tayangan holda ishlab chiqadi. Shu sababli bino va inshootlarning mustahkamligi amaldagi talablarga javob beradi, degan fikrdamiz”, degan u.

Nurmatovning qayd etishicha, Farg‘ona vodiysida kuzatilgan oxirgi kuchli zilzila 2011 yilda Qon hududida sodir bo‘lgan.

“Uning magnitudasi 6,4 bo‘lgan. Shundan keyin 5–5,5 magnitudali zilzilalar kuzatilgan, biroq bunday kuchdagi zilzilalar doim bo‘lib kelgan va ularning kuchi nisbatan past”, deydi u.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, seysmik salohiyati yuqori bo‘lgan yirik yer yoriqlari asosan Tojikistonning Pomir hududlari orqali o‘tadi.

“U yerda magnitudasi 7 gacha bo‘lgan zilzilalar yuz berishi mumkin. Ammo bunday zilzilalarning O‘zbekiston hududiga seysmik ta’siri 8-9 ballga yetmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan Nurmatov.

Shuningdek, u Afg‘onistonda tez-tez kuzatiladigan chuqur o‘choqli zilzilalar Markaziy Osiyoda sezilsa-da, katta chuqurlikda sodir bo‘lgani sababli kuchi yer yuzasiga chiqquncha ancha so‘nishini ta’kidlagan.

Farg‘ona vodiysining amaldagi seysmik xaritasiga to‘xtalgan mutaxassis hududning asosiy qismi 8 balli seysmik zonaga kirishini aytgan.

“Amaldagi seysmik xaritalarga ko‘ra, keyingi 50 yil ichida mazkur hududda zilzila kuchining 8 balldan oshib ketish ehtimoli 5 foizni tashkil etadi. Ya’ni, 8 balldan oshmaslik ehtimoli 95 foiz. Xarita aynan shu 95 foizlik ehtimol asosida tuzilgan. Bugungi kunda Farg‘ona vodiysining 90 foizdan ortiq hududi 8 balli seysmik zonaga kiradi. Faqat Andijon shahrining sharqiy qismidagi ayrim kichik hududlarda 9 ballgacha bo‘lgan silkinish yuzaga kelishi mumkin. Biroq bu faqat yer yoriqlari o‘zining maksimal seysmik salohiyatini namoyon qilgan taqdirdagina sodir bo‘lishi mumkin. Buning ehtimoli nihoyatda kam. Shuning uchun aholini vahimaga tushishga hech qanday asos yo‘q”, degan Seysmologiya instituti laboratoriya mudiri.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing