Farg‘ona va Namanganda qariyb 2 mlrd so‘mlik noqonuniy dorilar aniqlandi (video)
3-sahifa
−
18:04 562 2 daqiqa
Farg‘ona va Namangan viloyatlarida qiymati 2 milliard so‘mdan ortiq noqonuniy dori vositalarini saqlagan va ularni sotmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, DXXning Farg‘ona viloyati boshqarmasi hamda Bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi, 1987 yilda tug‘ilgan fuqaroning noqonuniy tartibda dori vositalari faoliyati bilan shug‘ullanayotgani aniqlangan. Fuqaro Gazel rusumli yuk avtomashinasida olib kelingan umumiy qiymati 778 million so‘mlik, jami 38 turdagi 45 960 dona dori vositalarini o‘zining yashash xonadoniga tushirayotgan vaqtida to‘xtatilib, holat protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, uning xonadoni ko‘zdan kechirilganda, 468 million so‘mlik 25 turdagi 16 535 dona dori vositalari me’yoriy talablarga zid ravishda saqlanayotganligi ma’lum bo‘lgan.
Bundan tashqari, o‘tkazilgan tezkor tadbirda Namangan shahrida istiqomat qiluvchi, 1995 va 1993 yillarda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro o‘zlarining yashash xonadonlarida hamda Davlatobod tumanida joylashgan noturar binoda xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan va O‘zbekiston xududiga noqonuniy yo‘llar bilan olib kelingan katta miqdordagi dori vositalarini kelgusida sotuvga chiqarish maqsadida saqlab kelayotganliklari aniqlangan.
Ko‘zdan kechirish jarayonlarida ushbu 3 ta manzildan taxminiy qiymati 1 milliard so‘mdan ortiq jami 453 turdagi 32 528 quti dori vositalari tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Bildirilishicha, har ikki holat bo‘yicha dori vositalariga nisbatan ekspertiza tekshiruvlari tayinlanib, hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istondan Toshkent viloyatiga kirib kelgan yuk mashinasidagi oziq-ovqat orasidan katta miqdordagi dori vositalari ham topilgani xabar berilgan edi.
Live
Barchasi