Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi 94 yoshida vafot etdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Galina Pavlovna Matviyevskaya Rossiyaning Orenburg shahrida 94 yoshida vafot etdi. Bu haqda akademiya matbuot xizmati xabar berdi.

Matviyevskaya 1930 yilning 13 iyul kuni hozirgi Ukrainaning Dnepr shahrida tug‘ilgan. 1954 yilda Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) universitetining matematika mexanika fakultetini tamomlagan, 1959 yilda SSSR Fanlar akademiyasi (hozirgi Tabiatshunoslik va Rossiya texnika Fanlar tarixi akademiyasi)ning institutida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. O‘sha yili u O‘zbekiston Fanlar akademiyasi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutiga o‘rta asrlar Sharqidagi fanlar tarixi bo‘yicha tadqiqotlarni kuchaytirish uchun taklif qilindi. 1968 yilda u doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi (ilmiy maslahatchisi – akademik S. X. Sirojiddinov). U B.A.Rozenfeld bilan birgalikda jahon fondlarida saqlanayotgan arab tilidagi matematika va astronomiyaga oid qo‘lyozmalar katalogini tuzgan, shogirdlari bilan birgalikda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutidagi matematik qo‘lyozmalarining tavsifini amalga oshirgan.

Marhuma Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Shamsiddin Samarqandiy va Mirzo Ulug‘bek, Samarqandda faoliyat olib borgan Qozizoda Rumiy, Jamshid Koshiy va boshqa olimlarining ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish, shuningdek, ilm-fan tarixi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashdagi xizmatlari uchun 1974 yilda O‘zbekiston Davlat mukofoti, 1980 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan. U 1984 yilda akademiyaning muxbir a’zosi, 2000 yilda esa haqiqiy a’zosi etib saylangan edi.

U lotin, ingliz, nemis, fransuz va arab tillarini bilgan, UNESCO tomonidan tabiiy fanlar tarixi bo‘yicha yirik mutaxassis sifatida tan olingan va Xalqaro fanlar tarixi akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylangan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 28 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti, yuqori energiyalar fizikasi sohasida xalqaro miqyosda taniqli va e’tirof etilgan olim, fizika-matematika fanlari doktori, professor, akademik Behzod Sodiqovich Yo‘ldoshev 79 yoshida vafot etgandi. 29 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev xonadoniga tashrif buyurdi va marhumning rafiqasi hamda farzandlariga hamdardlik bildirib, sabr-toqat tiladi.


Maqola muallifi

Teglar

professor Galina Pavlovna Matvievskaya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing