Fanlar akademiyasida yangi institut tashkil etildi
Jamiyat
−
05 may 2021
4682O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Energetika instituti tashkil etildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Energetika muammolari institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilandi:
• respublikada energetika barqaror rivojlanishining kelajak strategiyasini ishlab chiqish, o‘rta va uzoq istiqbolda yoqilgi-energetika kompleksining rivojlanishi va modernizatsiyasi bo‘yicha dasturlarni tayyorlashda ishtirok etish;
• muqobil (noan’anaviy) energiya asosidagi yangi texnologiyalar, energetik uskunalar va tizimlarning respublika iqlim sharoitlarida resurs ko‘rsatkichlarini o‘rganish maqsadida sinovlarni amalga oshirish;
• iqtisodiyot tarmoqlari energiya sarfini pasaytirish bo‘yicha kompleks tadqiqotlarni o‘tkazish va aniq tavsiyalar ishlab chiqish;
• energetika sohasida raqamli iqtisodiyot rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish, «intellektual tarmoqlar» nazariyasini rivojlantirish va energetika sohasiga joriy etish usullarini ishlab chiqish;
• mamlakatning energetik xavfsizligini ta’minlash, tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarda yoqilg‘i-energetika kompleksi ob’ektlarining barqaror faoliyatini ta’minlash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish;
• mintaqaning qo‘shni davlatlari o‘rtasida yoqilg‘i-energiya manbalaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish;
• iqdisodiyotning turli sohalarida an’anaviy, shuningdek, muqobil va qayta tiklanadigan energiyadan foydalanish bilan bog‘liq fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish;
• yoqilg‘i-energetika resurslaridan ularni hosil qilish, saqlash, yetkazib berish va foydalanish bosqichlarida samarali foydalanish usullarining ilmiy-texnik darajasini oshirish;
• yoqilg‘i-energetika resurslarini hosil qilish, saqlash, yetkazib berish va taqsimlash tannarxini pasaytirish maqsadida zamonaviy energetik texnologiyalarni transfer qilish va respublika sharoitiga moslashtirishni asoslash, energetika sohasiga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
• mamlakatda energetik mashinasozlik va elektrotexnika sanoati, unga xizmat ko‘rsatuvchi tarmoqlar rivojiga ilmiy-texnik jihatdan ko‘maklashish;
• sohadagi xorijiy muassasalar bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish, muvaffaqiyatli tajribalar va aniq innovatsiya modellardan keng foydalanish, jadal axborot almashinuvini ta’minlash;
• sohada fan va ta’lim integratsiyasini ta’minlash maqsadida oliy ta’lim tashkilotlarining energetika yo‘nalishidagi fakultet va kafedralari o‘quv dasturlari va metodik qo‘llanmalarni ishlab chiqishda ishtirok etish, talabalarning laboratoriya ishlarini bajarish uchun Institut laboratoriyalaridan foydalanish, Institut ilmiy xodimlarining dars jarayonlarida ishtirok etishini ta’minlash orqali yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda, kadrlar malakasini oshirish vaqxayta tayyorlashda ishtirok etish;
• energetika sohasidagi ilmiy yo‘nalishlar va tegishli ixtisosliklar bo‘yicha ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash.
Institut davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan hamda Institut nomi davlat tilida yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy tashkilot sifatida davlat buyurtmalari va dasturlarini amalga oshirishda hamda fundamental va amaliy tadqiqotlarni olib borishda ishtirok etadi.
Institutga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ustavida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi hamda u Fanlar akademiyasining tegishli vitse-prezidenti bilan kelishgan holda Institut direktori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan ikki nafar o‘rinbosarga, jumladan, direktorning ilm-fan bo‘yicha o‘rinbosari hamda direktorning umumiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosariga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidentiga, zarurat bo‘lganda, Institut tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi.
Institut Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Chingiz Aytmatov ko‘chasi 2B-uy manzilida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutining binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.
Mazkur qarorning qabul qilinishi energetika sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, xorijiy ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni kengaytirish, ushbu sohada yuqori malakali kadrlar darajasini oshirish va shu orqali mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlariga an’anaviy va muqobil energiya manbalarini keng joriy etish imkonini beradi.
LiveBarchasi