Akademik Habibulla Akbarov 87 yoshida vafot etdi
Jamiyat
−
08 aprel 2023
6615O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, geologiya sohasidagi yirik olim Habibulla Akbarov shu yilning 8 aprel kuni 87 yoshida vafot etdi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Habibulla Akbarov 1936 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1958-yilda O‘rta Osiyo politexnika institutining geologiya-qidiruv fakultetini tamomlagan.
Faoliyati davomida O‘rta Osiyo geologiya va mineral xomashyo institutida sektor mudiri (1968-79), bo‘lim boshlig‘i (1979-86), direktor o‘rinbosari (1987–91) lavozimlarida ishlagan. 1992–96 yillarda ToshDTU prorektori va ayni shu vaqtda universitetning foydali qazilma konlari kafedrasi mudiri lavozimlarida ishlagan. 1996 yildan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yer haqidagi fanlar bo‘limi raisi va Fanlar akademiyasi Prezidiumi a’zosi (1997-yildan) sifatida faoliyat yuritgan.
Olimning endogen ruda konlari va maydonlarini o‘rganish, ularni izlashga bag‘ishlab yozgan ko‘plab maqola va risolalari, ilmiy ixtirolari soha mutaxassislari va ilmiy jamoatchilikka yaxshi tanish.
Habibulla Akbarov o‘z faoliyati davomida ustoz sifatida ko‘plab yoshlarga geologiya asoslaridan saboq bergan. Uning bevosita rahbarligida o‘nlab yosh olimlar tayyorlangan.
LiveBarchasi