Fam Min Tin Mirziyoyevni Vetnamga taklif qildi
Jamiyat
−
24 Oktabr
3838O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 24 oktyabr kuni Qozon shahrida bo‘lib o‘tayotgan BRICS sammiti doirasida Vetnam Sotsialistik Respublikasi Bosh vaziri Fam Min Tin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Vetnam o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va amaliy aloqalarni, ayniqsa savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalarida rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Hukumatlararo va idoralararo muloqotlarga tizimli tus berish zarurligi ta’kidlandi. Tomonlar kelgusi yil boshida Xanoy shahrida Savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini, shuningdek, biznes forumi va sanoat ko‘rgazmasini o‘tkazishga kelishib oldi.
Yangi loyihalarni ilgari surish maqsadida neft-kimyo, elektrotexnika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturini tayyorlash taklif etildi. Ishbilarmonlik va sayyohlik aloqalarini, shu jumladan vizasiz tartib joriy etish orqali kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Bo‘lajak oliy va yuqori darajadagi uchrashuvlar jadvali ko‘rib chiqildi. Bosh vazir Fam Min Tin O‘zbekiston Prezidentini rasmiy tashrif bilan Vetnamga borishga taklif etdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 oktyabr kuni BRICS sammitda ishtirok etish uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozonga yetib borgandi. U sammit doirasida Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, va Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Mirziyoyev, shuningdek, Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixonov bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvdan so‘ng O‘zbekiston rahbarini Tatariston Respublikasining davlat mukofoti – “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu mukofotni Tatariston Raisi Rustam Minnixonov tantanali ravishda topshirdi.
LiveBarchasi