Falastinning yangi hukumati qasamyod qildi

Olam

image

Falastin Bosh vaziri etib tayinlangan Muhammad Mustafo qasamyod qildi. Bu haqda Falastinning WAFA axborot agentligi xabar berdi.

Falastin Prezidenti Mahmud Abbos Vazirlar Mahkamasining birinchi yig‘ilishiga raislik qildi. Uning ta’kidlashicha, yangi hukumatning mas’uliyati bosib olingan G‘arbiy Sohil, shuningdek, Sharqiy Quddus va G‘azo sektoriga ham tegishli. Unga ko‘ra, hukumat o‘z vazifalarini qonun doirasida amalga oshirish uchun barcha vakolatlarga ega. Prezident hukumat keng ko‘lamli institutsional islohotlar o‘tkazish va barcha falastinliklarga sifatli xizmat ko‘rsatish niyatida ekanini ta’kidladi.

“Biz G‘azo sektorida gumanitar yordam ko‘rsatish, G‘azo va G‘arbiy Sohilni rekonstruksiya qilish, Falastin iqtisodiyotini jonlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni maksimal darajada oshirishga harakat qilamiz. Bizning siyosiy maqsadimiz ozodlik, mustaqillikka erishish va ishg‘oldan xalos bo‘lishdir. Shu bilan birga, Falastin davlatini Birlashgan Millatlar Tashkilotining to‘laqonli a’zoligiga aylantirish uchun tegishli arab va xalqaro tomonlar bilan hamkorlik qilamiz”, deydi Abbos.

U Falastin ma’muriyati Falastin hududlarini birlashtirish va milliy yarashuvga erishish yo‘lida faoliyat yuritishda davom etishini aytib, yangi hukumat Falastinning barcha hududlarida, xususan, bosib olingan Sharqiy Quddusda umumiy va prezidentlik saylovlarini tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rishi kerakligini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, Falastin ma’muriyati 2021 yilda umumiy saylovlar o‘tkazilishini e’lon qildi, biroq Isroil bosib olingan Sharqiy Quddusda saylov o‘tkazishga ruxsat bermagani uchun saylovlar bekor qilindi. Falastinda oxirgi umumiy saylovlar 2006 yilda bo‘lib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, Isroilning G‘azoga uyushtirgan hujumlari oqibatida yuzaga kelgan gumanitar falokatdan so‘ng, 26 fevral kuni Falastinning sobiq bosh vaziri Muhammad Shtaye 2019 yildan beri egallab turgan lavozimidan iste’foga chiqishini e’lon qilgandi. 14 martda Falastin Prezidenti Abbos yangi hukumatni shakllantirish uchun Falastin milliy jamg‘armasi direktori Muhammad Mustafoni tayinladi. Bosh vazir Mustafo 28 mart kuni yangi vazirlar mahkamasi tarkibini Abbosga taqdim etdi. Abbos Prezident farmoni bilan hukumatga ishonch votumini e’lon qildi.

Madina Otaboyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Falastin qasamyod Muhammad Mustafo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing