Falastindagi to‘qnashuvda jurnalist ayol o‘ldirildi
Olam
−
11 may 2022
6750Qatarning “Al-Jazeera” telekanali jurnalisti Shirin Abu Akle Falastinda, Iordan daryosining G‘arbiy sohilidagi otishmada halok bo‘ldi.
Telekanalga ko‘ra, 51 yoshli jurnalist 11 may kuni ertalab otishma sodir bo‘lgan Jenin shahridagi falastinlik qochqinlar lageriga isroillik harbiylarning bosqinini yoritgan. To‘qnashuv vaqtida “Press” yozuvi tushirilgan o‘q o‘tkazmaydigan jilet kiygan Abu Aklening boshiga o‘q uzilgan. Jurnalist shifoxonaga olib ketilgan, biroq uni qutqarib qolishning imkoni bo‘lmagan. U bilan birga “Al-Quds” muxbiri Ali Samodiy ham yaralangan. U hozirda shifoxonada, ahvoli barqaror ekani aytilmoqda.
“Al-Jazeera” Shirin Abu Aklening o‘ldirilishida Isroil xavfsizlik kuchlarini ayblab, buni “xalqaro me’yorlarni buzuvchi sovuq qonli, dahshatli jinoyat” deb atadi. Isroil mudofaa kuchlarining iddaosicha, qurollangan falastinliklar jurnalistni tasodifan otib o‘ldirgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.
Quddusda arab oilasida tug‘ilgan va AQSH fuqarosi bo‘lgan Shirin Abu Akle 1997 yildan beri “Al-Jazeera” telekanalida ishlardi.
Qayd etish kerakki, so‘nggi faqtlarda Falastinda to‘qnashuvlar ko‘paydi. Dastlab Ramazon oyida mutaassib yahudiylarning Al-Aqso majmuasiga kirishi to‘qnashuvlarga sabab bo‘ldi. So‘ng Isroil kuchlari va falastinliklar o‘rtasida egallab olingan Sharqiy Falastinda to‘qnashuvlar yuz berdi va bu davom etmoqda.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Sharqiy Falastindagi vaziyat bo‘yicha bayonot berib, keskinlik kuchaygani uchun jiddiy xavotirda ekanini bildirib, muammoni BMT rezolyutsiyalariga muvofiq hal etishga chaqirdi.
LiveBarchasi