Falastindagi otishmalar, Ukrainadagi “kalamushlar” va Hormuzning yangi “egasi” - Weekend

Tahlil

Reklama
0:00

Isroil Milliy xavfsizlik vaziri “Har kuni 30-40 ta falastinlikni otib tashlang” deb xalqiga murojaat qildi. U G‘azoda rasman qatl maydonchasini qurdirayotgani haqida video ham e’lon qildi. O‘limga hukm qilinganlarning oila a’zolari osib o‘ldirish jarayonini ko‘rishi uchun oynavand maxsus xonalar tayyorlanishini aytib maqtandi. Tasavvur qilyapsizmi?

Ukrainada vaziyat yaxshi emas. Ha, ular chetdan kelgan yordam evaziga Moskva hududigacha hujum uyushtira olyapti. Ammo Zelenskiy qurollari tugayotganini aytib, ko‘mak so‘rab chiqdi. Oddiy aholisi jon taslim qilayotgan, shaharlari vayronaga aylanayotgan bir paytda ichkaridagi kalamushlar Ukrainada millionlab dollarlarni kemirayotgani aniqlandi. Va bu hali hammasi emas. Kiyev rasmiylari “Masha i medved” multfilmini dushman deb e’lon qildi.

Tramp diplomatiyaga yana bir bor tupurdi. U “Truth Social”dagi sahifasida kutilmagan bayonot bilan chiqib, Hormuzni AQSH hududi deb e’lon qildi. Eron esa nima qilib bo‘lsa ham dominantlikni saqlab qolmoqchi. Ammo Hormuz haqida gap ketganida ko‘pchilik u qadar eslamaydigan, biroq bo‘g‘ozning ikkinchi sohilida joylashgan Ummon sultonligi ham bu qimmatbaho yo‘lakka egalik qilish da’volarini bildirdi. Xo‘sh, global neft yo‘lagini kim egallaydi?

Toqayev muhim hujjatdan Nazarboyevning ismini o‘chirdi. Qozog‘istonda “Elboshi” davriga uzil-kesil nuqta qo‘yildi desa ham bo‘ladi. Xo‘sh, hujjatlar nega o‘zgartirilyapti, Qozog‘istonni qanday yangi siyosiy yangilanish kutmoqda?

Agar dunyo xaritasiga bugun faqat sovuq miya bilan qarasak, geosiyosat sahnasida diplomatiya allaqachon jon berganiga, uning o‘rnini esa ochiqchasiga kuch egallaganiga guvoh bo‘lamiz. Agar hali ham bu gapimga qo‘shilmasangiz, keling, dasturni oxirigacha kuzating.

“Falastinliklarni har kuni o‘ldiring”

Siyosatda ba’zilar ishlatadigan so‘zlar raketalardan ham vahshiyonaroq va vayronkorroq zarba beradi. Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirning so‘nggi bayonotlari xalqaro hamjamiyatni shunchaki larzaga keltirmadi, balki zamonaviy siyosiy elitaning ma’naviy darajasi o‘zining axloqiy ustunlarini yo‘qotib, bosqichma-bosqich tubanlashuvga qarab ketganini oshkor qildi. U G‘azoda har kecha 30–40 kishini peshonasidan otib tashlashga, aholini ommaviy ravishda boshqa qit’alarga ko‘chirib yuborishga va u yerda yangi yahudiy manzilgohlari qurishga chaqirmoqda. Ben-Gvirning G‘azoda “inson hisoblanmaydigan” va “yashashga loyiq bo‘lmagan” toifa borligi haqidagi da’volari Gaagadagi Xalqaro sudda genotsid jinoyatining eng ochiq va inkor etib bo‘lmas dalili sifatida qog‘ozga tushmoqda.

Ben-Gvir bu ritorika bilan cheklanib qolmadi. U o‘zining rasmiy tarmoqlarida terrorchilikda ayblangan falastinliklarni osib qatl etish uchun barpo etilayotgan maxsus maydonning videosini namoyish etdi. Joriy yilning mart oyida Isroil parlamenti – Knesset tomonidan qabul qilingan o‘lim jazosi haqidagi qonun asosida qurilayotgan bu majmuada, hatto qurbonlarning yaqinlari qatl jarayonini bevosita kuzatishi uchun maxsus oynavand xonalar ajratilgani aytiladi. Human Rights Watch va Amnesty International kabi xalqaro inson huquqlari tashkilotlari ushbu holatni inson qadriyatlarini va XXI asr xalqaro huquq me’yorlarini ochiq-oydin buzish deb baholamoqda. Bu holatni kuzata turib, mashhur fransuz faylasufi va siyosatshunosi Jan Bodriyyarning fikrlarini eslash mumkin: “Qachonki hokimiyat o‘zining vahshiyligini institutsionallashtirsa va uni qonun darajasiga ko‘tarsa, u siyosiy sub’ektlikni yo‘qotadi va shunchaki zo‘ravonlik mashinasiga aylanadi”.

Vazir darajasidagi mulozimning pozitsiyasi shunday bo‘lgandan keyin, qo‘lida quroli bor va falastinlik har bir tinch aholini avtomatik ravishda “potensial dushman” deb biladigan oddiy askarning xatti-harakati qay darajada jilovsizlanishini tasavvur qilish qiyin emas. Yaqinda ana shunday noinsoniy harakatlardan biri rasman tan olindi.

Isroil Mudofaa armiyasi 2024 yilning boshida G‘azoda sodir bo‘lgan mudhish fojia – 5 yoshli Hind Rajab va uning oilasi bo‘lgan avtoulovni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘qqa tutganini rasman bo‘yniga oldi. O‘shanda otishmada og‘ir yarador bo‘lgan kichik Hind 3 soat davomida Qizil Yarim Oy jamiyatining dispetcherlik xizmatiga bog‘lanib: “Meni olib ketinglar, iltimos, juda qo‘rqyapman...” deya zorlangan edi. Uni qutqarish uchun maxsus ruxsatnoma bilan yo‘lga chiqqan ikki nafar shifokor ham yo‘lda vahshiylarcha o‘ldirildi, qizchaning jonsiz tanasi esa oradan 12 kun o‘tib, chirigan holatda topildi.

Uzoq vaqt davomida ushbu fojiaga aloqadorligini mutlaqo rad etib kelgan Isroil tomoni, mustaqil xalqaro surishtiruvlar va global tazyiqlardan so‘ng, nihoyat aybni tan olishga va ichki tergov boshlanganini e’lon qilishga majbur bo‘ldi. Bundan tashqari, 2025 yilning martida Rafahda yo‘qolgan hamkasblarini izlab chiqqan va nishonga olingan tez yordam mashinalarining yo‘q qilinishi – 15 nafar tibbiyot va BMT xodimlarining o‘limi bo‘yicha ham jinoiy ish ochildi. Ammo raqamlarga yaxshilab qaraylik: Isroil harbiy prokuraturasi tomonidan ko‘rib chiqilgan 150 ta og‘ir jinoyat ishidan hozircha faqat 5 tasi bo‘yicha qaror qabul qilingan, qolgan bahsli holatlar esa “jinoyat alomatlari yo‘q” degan bahona bilan yopib yuborilgan. Bu – xalqaro adolatning masxara qilinishi emasmi?

Raqamlar ortidagi fojia va “tinchlik”ning achchiq oqibatlari

Diplomatik muzokaralar va turli geosiyosiy “tinchlik rejalari” barbod bo‘lgan maydonda faqat qurollar va vayronkor ovozlar hukmronlik qiladi. AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Jared Kushnerning mintaqaga tashrifi va geosiyosiy manfaatlarga asoslangan tinchlik o‘rnatishga urinishlari natijasiz yakunlangach, G‘azoda zarbalar shiddati yanada balandroq jarangladi.

19 avgust kuni Isroil tomonidan G‘azodagi munitsipal politsiya idorasiga berilgan havo zarbasi oqibatida 9 kishi, shu jumladan 8 nafar politsiya xodimi va atrofda bo‘lgan 13 yoshli begunoh qizcha halok bo‘ldi. Isroil armiyasi bu binodan HAMAS a’zolari foydalanganini bildirgan bo‘lsa, HAMAS vakillari bunday nishonli hujumlar tinchlik muzokaralarini uzil-kesil yo‘qqa chiqarishidan ogohlantirdi. “Nuseyrat” qochqinlar lageri va sohildagi tinch aholi yashayotgan hududga berilgan zarbalar oqibatida, atigi 1-2 kun ichida o‘nlab begunoh insonlar, jumladan, hali dunyoni anglab yetmagan yosh bolalar hayotdan ko‘z yumdi.

Taniqli arab siyosatshunosi va xalqaro ekspert Muhammad al-Masriy bu vaziyatga shunday baho beradi: “Biz bugun global kuchlarning tomoshabinligi fonida axloqiy inqirozga guvoh bo‘lmoqdamiz. Tinchlik muzokaralari shunchaki vaqt yutish va harbiy operatsiyalarni kengaytirish uchun geosiyosiy parda vazifasini o‘tab bermoqda”.

Mana shunday qonli xabarlar va insoniyat vijdonini turtkilaydigan voqealar fonida Turkiya hukumati Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha xalqaro order berdi. Mamlakat Adliya vaziri Akin Gyurlekning ma’lum qilishicha, ushbu qat’iy qaror Isroil tomonidan G‘azo uchun mo‘ljallangan gumanitar yordam karvonining noqonuniy to‘sib qo‘yilishi bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli tergov doirasida qabul qilingan.

“Biz G‘azoda genotsid siyosatini amalga oshirayotgan Netanyaxu ma’muriyatini daxlsiz va javobgarlikdan xoli deb hisoblanishini qat’iyan rad etamiz. G‘azoda sodir etilgan jinoyatlarni yashirishga hamda aybdorlarni jazosiz qoldirib, himoya qilishga aslo yo‘l qo‘ymaymiz. Biz milliy va xalqaro huquqning siyosiy hamda huquqiy imkoniyatlaridan qat’iyat bilan foydalanamiz”, deya ta’kidladi Akin Gurlek.

Turkiya Adliya vazirining bu bayonoti mintaqada tinch aholiga nisbatan davom etayotgan tizimli zo‘ravonliklarga nisbatan Falastin xalqi, mazlumlar hamda butun insoniyat vijdoni yonida mustahkam turish va insoniyatga qarshi jinoyat sodir etganlarni, ularning maqomidan qat’i nazar, qonun oldida javob berishini ta’minlashga qaratilgan navbatdagi jiddiy va strategik qadam bo‘ldi.

Agar xalqaro huquq mexanizmlari tanlab ishlashda va geosiyosiy o‘yinchilarning manfaatlariga xizmat qilishda davom etsa, “kuchliniki to‘g‘ri” degan vahshiy tamoyil global tartibotning yagona qoidasiga aylanib qolaveradi.

Ichkaridan kemirayotgan “kalamushlar”

Maydonlarda jang, front ortida million dollarlik nayranglar, kabinetlarda esa amalga oshishi uchun go‘yoki jon kuydirilayotgan “tinchlik” ssenariylari… Bugun bu siyosiy tragikomediya nafaqat Yaqin Sharqqa, balki Vashington, Moskva va Kiyev uchburchagiga ham to‘liq mos kelmoqda. Ortda qolayotgan haftada Sharqiy Yevropada faqat vayronkor raketalar o‘zaro “almashinib” qolgani yo‘q, balki front fojialari fonida multfilmlarga qarshi “urush” va davlat ichidagi million dollarlik korrupsioner guruhlar siyosiy sahnaning markaziga chiqdi.

Front chizig‘idagi asl va bepardoz manzaradan boshlaylik, chunki u yerda diplomatiyaning isi ham yo‘q. 20 avgustga o‘tar kechasi va tongda Rossiya tomonidan uyushtirilgan navbatdagi ommaviy raketa va dron zarbalari Ukraina osmonini yana tilkaladi. Natijada poytaxt Kiyev va uning atrofidagi Brovari tumani kabi hududlarda kamida 12 kishi halok bo‘ldi, 33 nafari og‘ir jarohatlandi. Olisdan qaraganda bu raqamlar shunchaki quruq statistikadek tuyulishi mumkin. Ammo Solomyanskiy tumanidagi 9 qavatli turar joyning yonib ketgan yuqori qavatlariga qaragan odam, tinch aholining kun sayin kichrayib borayotgan hayot mazmunini ko‘radi. Mahalliy hokimiyat 21 avgust, juma kunini rasman aza kuni deb e’lon qilishga majbur bo‘ldi.

Ukraina tomoniga ko‘ra, zarbalar faqat turar joylarga emas, balki omborxonalar, maktablar, sanoat markazlari va hatto bolalar shifoxonasiga ham berilgan. 90 mingga yaqin xonadon bir zumda chiroqsiz va issiqliksiz qoldi. Birgina o‘tgan haftaning o‘zida Rossiya Ukraina bo‘ylab 1550 dan ortiq dron, 1560 ta aviabomba va 62 ta raketa otganini hisobga olsak, Kiyevdagi havo hujumidan himoya tizimlarining “nafasi siqilib” qolayotgani ayon bo‘ladi. Bu mavzuda alohida material tayyorlaganmiz. Uni ekranlaringizda paydo bo‘lgan sarlavha orqali qidirib topishingiz mumkin.

Albatta, Kreml bu vayronkor zarbalarni “harbiy omborlar va dron qismlari ishlab chiqaruvchi logistika markazlariga berilgan aniq zarba” deb oqlamoqda. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Kim ham “biz tinch aholini portlatib tashladik” derdi. Kiyev ham qarab turgani yo‘q – so‘nggi haftalarda Rossiya ichkarisiga, jumladan, Moskva yo‘nalishidagi neft infratuzilmalariga ketma-ket 600 ta dronli zarbalar yo‘lladi. Bu haftaning o‘zida RF hududida 16 kishi, jumladan bir yosh bola halok bo‘ldi. Tizimli zo‘ravonlik ikkala tomondan ham geosiyosiy mantiqning yagona tiliga aylanib bo‘ldi.

Eng qizig‘i, ikkala tarafda raketalar uchib yurgan, tuproqda oddiy odamlar qoni to‘kilayotgan bir paytda, Vashington va Moskva o‘rtasida go‘yoki “tinchlik rejasi” muhokama qilinayotgani haqida xabarlar berilyapti. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Donald Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va jared Kushnerga urushni tugatish bo‘yicha o‘z takliflarini tutqazganini va shu bilan birga havo hujumidan himoya raketalarini so‘rab yolvorayotganini yashirmadi.

Ammo bu “tinchlik elchilari” oxirgi marta shu yilning yanvar oyida Moskvaga borib-kelib, Kiyev xaritasini “unutib qo‘yishganmi” – ishqilib, Ukraina tomonga haligacha qadam bosishgani yo‘q.

RF Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova esa “biz tayyormiz, lekin aniq taklif olmadik” deya diplomatik bosim qilishda davom etmoqda. Xullas, katta geosiyosiy shaxmat taxtasida diplomatlar suhbatlashadigan qulay joyni qidirayotgan bir paytda, maydonda begunoh odamlar o‘lishda va shaharlar vayron bo‘lishda davom etmoqda.

Mana shunday og‘ir va tahlikali vaziyatda Ukraina Prezidenti administratsiyasi juda “strategik” va “olamshumul” bir qaror qabul qildi: milliy xavfsizlikka eng katta tahdid deb... “Masha va Medved” multfilmini topdi. Ha, to‘g‘ri eshitdingiz, bu hazil emas. Kiyev tomoni bu quvnoq va sho‘x qizchani Rossiyaning geosiyosiy “yumshoq kuchi” va ideologik targ‘ibot quroli deb hisoblab, ushbu animatsiya ijodkorlari, jumladan, “Animakkord” studiyasiga qarshi naq 10 yillik sanksiya kiritdi. Endi Madaniyat vazirligi Netflix va YouTube kabi gigantlarga rasmiy xatlar yozib, Mashaning videolarini global tarmoqda bloklash bilan ovora bo‘ladi.

Albatta, Kreml bunday voqeani o‘tkazib yuborarmidi? Dmitriy Peskov darhol vaziyatga munosabat bildirib, buni “multfilmlar bilan urush” va Kiyevning navbatdagi “siyosiy xunukligi” deb atadi. Har holda, YouTube’da milliardlab ko‘rilgan bir necha daqiqalik “bolalar multfilmi” jahon tinchligini barbod qiladigan bosh sababchiga aylanib qolganini eshitgan ko‘p odam miyig‘ida jilmayib qo‘ysa, ajab emas.

Lekin Ukrainaning ichki siyosatidagi eng qiziq va dahshatli “triller” multfilmlarda emas, balki korrupsiyaga qarshi kurash idoralarida yozilmoqda. Ular bir vaqtning o‘zida “Forrest Gamp” va “Femida” nomli operatsiya natijalarini e’lon qildi. Ma’lum bo‘lishicha, amaldagi va sobiq deputatlar, Prezident ofisining yuqori martabali mulozimlari, Adliya vazirligi hamda banklar rahbarlari birlashib, yaxshigina jinoiy jamoa tuzgan. Bu jamoa avvaliga 150 million grivnani (3,36 million dollar) soxta hisoblar orqali noqonuniy olib chiqib, sobiq energetika vaziri uchun “garov puli” qilib yuvgan bo‘lsa, “Femida” operatsiyasi doirasida davlat reyestrlariga ajdahodek oralab, 248 million grivnalik (5,54 million dollar) korxona va ko‘chmas mulklarni ochiqdan-ochiq reyderlik yo‘li bilan o‘zlashtirishgan.

Oqibatda, Prezident Zelenskiy 19 avgust kuni ushbu surishtiruvlarda nomi chiqqan o‘z ofisi rahbari o‘rinbosarini sharmandalarcha lavozimidan ozod qilishga majbur bo‘ldi. Vaholanki, shusiz ham qurol-yarog‘ sotib olishdagi o‘g‘irliklar va energetika sohasidagi nayranglar sababli vazirlar guruh-guruh bo‘lib iste’foga chiqayotgan edi.

Xullas, qurol-yarog‘ uchun prezidenti kuchli davlatlarga yolvorayotgan paytda uni sotib olishga ajratilgan pullar va yordam mablag‘larini ichkaridan kemirayotganlar borligi fosh bo‘ldi. Bu esa nafs har qanday vaziyatda o‘z qudratini ko‘rsatib qo‘yishiga yorqin bir misol. O‘z davlati urush maydoniga aylangan, shaharlari vayrona bo‘lgan, osmonida fojialar davom etayotgan bir paytda, ba’zilar front ortida millionlarni hazm qilish, boshqalari esa buning aybdorlarini animatsion qahramonlardan qidirish bilan band. Tinchlik esa... u hanuzgacha Vashington va Moskva diplomatlarining muhokamasiga qarab turibdi.

Yevropa Ittifoqi esa yaqin oylarda Rossiyaga qarshi sanksiyalarni sezilarli darajada kengaytirishni rejalashtirmoqda. YeIning tashqi siyosat bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas shu mazmunda Germaniya nashriga intervyu berdi.

“YeI sanksiyalari Rossiyaga allaqachon katta zarar yetkazdi, Rossiyaning urush mashinasini 1 trillion yevrodan ortiq mablag‘dan mahrum qildi. Kuzda esa urush boshlanganidan beri eng keng qamrovli sanksiyalar ro‘yxatini taklif qilaman. Moskva urushni tugatmaguncha bosim izchil ravishda kuchayib borishi kerak”, dedi u.

Kallas yangi sanksiyalar paketining aniq muddati va mayda tafsilotlarini ochiqlamagan. Demak, geosiyosiy shaxmat taxtasidagi bu qonli va noxolis o‘yinga shu yerda nuqta emas, vaqtinchalik vergul qo‘yib turamiz.

Hormuz aslida kimniki? Jahon iqtisodiyotining tomog‘idagi xanjar

Bugun hammaning nigohi yana o‘sha juda tor, ammo jahon energetika tizimining hayot-mamot arteriyasi hisoblangan Hormuz bo‘g‘oziga qadalgan. Tehron yillar davomida o‘z nazoratida ushlab turgan ushbu geostrategik maydonni endi hech kimga, ayniqsa G‘arb bloklariga berib qo‘ymoqchi emas. Lekin masalaning tub mohiyati shundaki, Hormuz hech qachon faqat Eronning shaxsiy tomorqasi yoki ichki suv havzasi bo‘lmagan. Bo‘g‘ozning janubiy sohilida azaldan bosiq, vazmin va diplomatik jihatdan nihoyatda nozik o‘yin olib boradigan Ummon Sultonligi joylashgan. Bu ikki davlatning hududiy suvlari shu qadar jips va bir-biriga tutashib ketganki, Xalqaro dengiz huquqi va BMTning 1982 yildagi Konvensiyasi me’yorlariga ko‘ra, bo‘g‘ozni bir tomonlama tartibda “jilovlash”ga urinish geosiyosiy va huquqiy mantiqqa aslo to‘g‘ri kelmaydi.

Amerikalik mashhur geosiyosatchi va strategik tahlilchi Alfred Tayer Mexen o‘z vaqtida ta’kidlaganidek: “Dengiz yo‘llarini nazorat qilgan kuch, nafaqat jahon savdosini, balki jahon siyosatining urush va tinchlik ritmini ham belgilaydi”. Bugun Hormuz atrofida kechayotgan kurash aynan mana shu ritmni o‘z qo‘liga olish uchun kechmoqda.

Shu bois, Tehron so‘nggi oylarda Ummon bilan parda ortida “til biriktirish”ga, aniqrog‘i, yangi ta’sir doiralari xaritasini kelishib olishga jiddiy urinmoqda. Tehronning manfaatlar zanjiriga asoslangan rejasi juda sodda va ayyorona: “Kel, do‘stim, bu bebaho bo‘g‘ozni ikkimiz birgalikda boshqaramiz, lekin asosiy rul va siyosiy nazorat menda bo‘ladi. AQSH va Isroil kemalari uchun bu eshikni taqa-taq yopamiz, qolgan tranzit o‘tayotgan kemalardan esa “xavfsizlik va xizmat haqi” undiramiz”.

Biroq Maskat ham bu siyosiy shaxmatda anoyi emas. Ummon diplomatiyasi “50/50” tamoyiliga asoslangan teng va adolatli sheriklikni talab etmoqda. Maskatning asosiy maqsadi – bo‘g‘ozda shunchaki Tehronning soyasidagi tomoshabin yoki ijrochi emas, balki keladigan milliardlab daromad va geosiyosiy dividendlardan o‘z ulushini oluvchi teng huquqli va mustaqil xojaga aylanishdir.

Ammo bu kurash maydoniga kutilmaganda uchinchi “qahramon” aralashdi. Donald Tramp o‘zining sevimli “Truth Social” tarmog‘ida Hormuz bo‘g‘ozining xaritasini aylanaga olib, uni hech bir xalqaro hujjatsiz “AQSHning yangi hududi” deb e’lon qilib yubordi. Yillar davomida Vashington va Tehron o‘rtasida eng nozik diplomatik sirlarni tashib, vositachilik qilib kelgan va AQSHning mintaqadagi eng ishonchli, bosiq va vazmin hamkori bo‘lgan Ummonga qaratib: “Muzokaralarda juda ehtiyot bo‘linglar, aks holda sizlarni ham bombardimon qilamiz”, deyishi zamonaviy diplomatiyaning “eng nozik va yuksak” durdonasi bo‘ldi, deyish mumkin. Yillar davomida to‘plangan sadoqat va diplomatik muvozanat shu tariqa Vashington tomonidan “munosib” baholandi.

Tehron tomoni esa Trampning bu kabi balandparvoz va “havoiy farmonlari”ga tashqi tomondan sovuqqon, lekin mazmunan ancha kesatiqli va o‘tkir javob qaytardi. Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiy ushbu hayot-mamot suv arteriyasini shunchaki tahdid bilan egallab bo‘lmasligini alohida ma’lum qildi.

“Hormuz bo‘g‘ozini tvit bilan ham, aviatashuvchi bilan ham, farmon yoki saylov oldi populistik nutqi bilan ham egallab bo‘lmaydi. Tramp boqiy Fors ko‘rfazi nomini to‘g‘ri yozishni o‘rganganidek, yaqin orada uning Hormuz bo‘g‘ozi borasidagi navbatdagi yanglishishi yoki tuzatiladi, yoki bu adashgan odamning yanglishishlarini o‘zimiz amalda tuzatib qo‘yamiz”, deb yozdi u “X”dagi rasmiy sahifasida.

E’tiborli jihati shundaki, AQSH bo‘g‘ozning ochiq bo‘lishi tarafdori ekanligini aytayotgan bo‘lsa-da, o‘z ta’sir doirasiga olishini ham rad etmayapti. Ya’ni Hormuz urushdan oldingidek hammaniki emas, kimningdir pul ishlash vositasi bo‘lib qolishi mumkin.

Ammo Tramp Hormuzni mutlaq AQSH hududi deb e’lon qilishi uchun avval Eron ustidan g‘alaba qozonishi kerak. O‘tgan besh oylik tajribadan kelib chiqsak, hali-beri buning iloji yo‘qdek. Mojaro qancha cho‘zilmasin, Vashington qanday yo‘l tutmasin, baribir haqiqiy g‘olib kim ekanligini bilib bo‘lmaydi.

Bugun dunyo iqtisodiyoti va yirik global o‘yinchilar “Hormuz aslida kimniki?” degan huquqiy yoki tarixiy savolga emas, balki “Aynan kim bu bebaho neft va gaz jo‘mragini amalda o‘ziniki qilib oladi?” degan savolga javob izlamoqda. Aftidan, bu fundamental savolning javobini yaqin orada tinch diplomatik stol atrofida emas, Fors ko‘rfazining mavjlanayotgan suvlaridagi harbiy kemalar va to‘lqinlar shovqinida eshitamiz.

Toqayev muhim hujjatdan Nazarboyevning ismini o‘chirdi

Qozog‘iston siyosiy maydonida fundamental o‘zgarishlar bosqichi davom etmoqda. Prezident Qosim-Jo‘mart Toqayev mamlakatning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan Tashqi siyosat konsepsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Sirtdan qaraganda shunchaki hujjatdagi so‘zlarni tahrir qilishdek tuyulgan bu qaror, aslida mamlakatning ichki va tashqi siyosiy arxitekturasida “Elboshi” davriga uzil-kesil nuqta qo‘yishning mantiqiy davomidir.

Yangilangan konsepsiyadan birinchi prezident Nursulton Nazarboyevning nomi, uning “tarixiy missiyasi” hamda davlat organlariga alohida tashabbuslar bilan chiqish kabi eksklyuziv huquqlari butunlay chiqarib tashlandi. Endilikda Qozog‘iston tashqi siyosatida “Nazarboyev pozitsiyasining izchilligi” emas, shunchaki “davlatning tashqi siyosiy pozitsiyasi izchilligi” asosiy tamoyil sifatida belgilandi. Shuningdek, ilgari Nazarboyev shafeligida o‘tkazilgan “Astana Club” va Yevroosiyo media forumi kabi maydonlar tashqi siyosat vositalari ro‘yxatidan o‘chirilib, diqqat-e’tibor faqat Ostona xalqaro forumiga qaratiladigan bo‘ldi.

Tashqi siyosiy vektordagi bu tizimli “tozalash” mamlakat ichidagi yirik konstitutsiyaviy islohotlar bilan tutashib ketmoqda. Joriy yilning 23 avgustida Qozog‘istonda yangi Konstitutsiya qabul qilinganidan beri ilk bor parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Ilk bor fuqarolar ikki palatali emas, balki bir palatali yangi organ – “Qurultoy” tarkibini saylaydi. Bor-yo‘g‘i 145 nafar deputatdan iborat bo‘ladigan bu parlamentga mustaqil nomzodlar qo‘yilmaydi, ular faqat partiyaviy ro‘yxatlar asosida tanlanadi. Bu jarayonda asosiy siyosiy kuch sifatida Toqayev kursini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydigan va yirik tadbirkorlarni birlashtirgan “Adilet” (Adolat) partiyasi maydonga chiqishi kutilmoqda.

Garchi Prezident Toqayev bir palatali tizimga o‘tishni qonun chiqaruvchi organ ta’sirini oshirish va davlat boshqaruvida aniq muvozanat o‘rnatish deb izohlayotgan bo‘lsa-da, xalqaro va mahalliy siyosiy tahlilchilar bunga boshqacha baho bermoqda. Parlamentning faqat partiyaviy ro‘yxatlar asosida shakllanishi va mustaqil ovozlarning siqib chiqarilishi, aslida uning nazorat va muxoliflik funksiyasini susaytiradi. Yangi Konstitutsiya Toqayevga avvalgi prezidentlik muddatlarini nollashtirish imkonini berganini hisobga olsak, hokimiyatning bir qo‘lda markazlashuvi yuqoriligicha qolmoqda. Ayonki, Toqayev Nazarboyev davridan qolgan barcha siyosiy soyalarni chiqarib tashlab, o‘z nazorati ostidagi yangi va mutlaq siyosiy vertikalni mustahkamlamoqda.

XXI asr diplomatiyasi bankrotlikka uchradi. Mojaroli joylarda kelishuvdan ko‘ra, kuchliroqning foydasiga hal bo‘ladigan masalalar muhokama qilinyapti. Va inqirozga uchragan jihat faqat bu emas. Qachonki siyosatchilarning tilidan raketalardan ham og‘irroq so‘zlar chiqsa, qachonki 5 yoshli bolalarning so‘nggi yolvorishlari “harbiy zarurat” degan quruq hisobotlar ostida ko‘milib ketsa va qachonki urush fojialari, hamyurtlarining o‘limi fonida million dollarlik talon-torojlar davom etsa, insoniyatning ma’naviy va axloqiy ustunlari qulaganini anglash qiyin emas.

Begunoh insonlar qoni, vayron bo‘lgan shaharlar va ochiq tahdidlar fonida bir narsa ayon: bugungi dunyoni adolat yoki xalqaro huquq emas, kuch boshqarmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing