Falastindagi dahshatli voqealarga jim qarab tura olmaymiz — Ziroat Mirziyoyeva
Jamiyat
−
16 noyabr 2023
8594Avval xabar berganimizdek, kecha, 15 noyabr kuni Istanbul shahrida Turkiyaning birinchi xonimi raisligida “Falastin uchun yagona yurak” sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda qator davlat va hukumat rahbarlarining rafiqalari, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning turmush o‘rtog‘i Ziroat Mirziyoyeva ishtirok etdi.
Sammitda nutq so‘zlar ekan, O‘zbekistonning Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva qurolli to‘qnashuvlar oqibatida barcha qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya va hamdardlik bildirdi. G‘azoda bir oydan ortiq vaqt davom etayotgan, ming-minglab insonlar, ayniqsa, begunoh bolalar, keksalar va ayollar umriga zomin bo‘layotgan dahshatli voqealarni hech narsa bilan oqlab bo‘lmasligini qayd etdi.
"Ming afsuski, xalqaro hamjamiyatning kuchli e’tirozi va bosimiga qaramay, halokat va vayronagarchilik ko‘lami misli ko‘rilmagan darajada ortib, uning oxiri sira ko‘rinmayapti. Natijada qurolli to‘qnashuvlarga mintaqadagi yangi kuchlarning tortilish ehtimoli tobora kuchaymoqda", deydi O‘zbekistonning Birinchi xonimi.
Uning qayd etishicha, O‘zbekiston xalqi Falastinning tinch aholisi boshiga tushgan kulfat va qayg‘u-alamlarni yurakdan o‘tkazmoqda.
Birinchi xonim har ikki tomonni ham zudlik bilan o‘t ochish va jangovar harakatlarni to‘xtatishga, tang ahvolda qolgan aholiga gumanitar yordam yetkazish uchun imkoniyat yaratishga, nizoni faqatgina tinch, diplomatiya yo‘li bilan “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida hal etishga chaqirib, O‘zbekistonning bu boradagi qat’iy pozitsiyasini yana bir bor bildirdi.
O‘zbekiston Falastin xalqi bilan birdam va yakdil ekani, uning Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalariga muvofiq o‘z mustaqil davlatini barpo etishga bo‘lgan huquqini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlandi.
Sammit yakunida davlat va hukumat rahbarlari rafiqalarining G‘azo sektori bo‘yicha yig‘ilishi Yaxshi niyat deklaratsiyasi qabul qilindi.