Falastin Kolumbiya Prezidentini mukofotladi
Olam
−
04 iyun
5038Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro Falastindagi urush masalasida Falastin tomonga xayrixohlik bildirgani uchun mukofotlandi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi.
Bogotada bo‘lib o‘tgan marosimda Petro bilan birga Kolumbiya Tashqi ishlar vaziri Luis Gilberto Murilo va Falastin Tashqi ishlar vaziri Riyod al-Malikiy ishtirok etdi. Malikiy “Falastinga qilinayotgan adolatsizliklar haqida dunyoni xabardor etgani uchun” Gustavo Petroga minnatdorlik bildirdi.
O‘z navbatida, Kolumbiya Prezidenti ham Falastin xalqi va Tashqi ishlar vaziriga bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik izhor etdi.
“Hayotim davomida men ko‘plab medallar va davlat mukofotlariga sazovor bo‘lganman, lekin aytishim mumkinki, hayotimdagi eng qimmat medal aynan hozir berildi. Biz hozir boshdan kechirayotgan dahshat jahon tarixida nimani anglatadi? Biz ko‘rayotgan voqealar shunchaki navbatdagi voqea emas, bular qo‘rqinchli, ammo umidga to‘la bo‘lishi kerak bo‘lgan yangi dunyoning belgilaridir”, deydi u.
“Falastin Prezidenti Mahmud Abbos xalqimiz nomidan sizga eng nufuzli medalni topshirishga qaror qildi. Zamon bizni zulmatning eng dahshatli davrlaridan birida yashashga majbur qilmoqda. Falastinni himoya qilishdagi ovozingiz umid va hayot ovoziga aylandi. Siz aytganingizdek, agar Falastin o‘lsa, insoniyat o‘ladi.Falastin ham, insoniyat ham halok bo‘lmasligi uchun qilgan jasoratli sa’y-harakatlaringiz uchun minnatdorman”, deya ta’kidlaydi Falastin Tashqi ishlar vaziri.
Ma’lumot uchun, 3 may kuni Kolumbiya hukumati Isroil elchisini G‘azo sektorida davom etayotgan hujumlar tufayli diplomatik munosabatlar uzilgani haqida rasman xabardor qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Kolumbiya Prezidenti Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo sektorida genotsid sodir etgan shaxs sifatida tarixga kirishini aytgandi. Shuningdek, u BMTni G‘azo sektoriga tinchlikparvar kuchlarni yuborish uchun aniq chora ko‘rishga chaqirgandi.
Mohira Eshpo‘latova