Falastin Xoniyaning o‘limi uchun Isroil javobgarlikka tortilishini talab qilmoqda
Olam
−
02 avgust
3911Falastinning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili Riyod Mansur Isroildan Ismoil Xoniya o‘limi uchun javobgarlikka tortilishini talab qildi. Bu haqda Falastinning WAFA rasmiy axborot agentligi xabar berdi.
Falastinning BMTdagi doimiy vakili Mansur BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga, shuningdek, BMT Bosh Assambleyasi raisi Denis Frensis va BMT Xavfsizlik Kengashiga raislik qiluvchi Rossiya vakili Vasiliy Nebenzya maktub yo‘llagan. Mansur o‘z maktubida Isroil BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini qo‘pol ravishda buzgan holda Falastin xalqiga qarshi “o‘zboshimchalik bilan urush” olib borayotganini aytdi.
“Isroil 300 kundan beri G‘azo sektorida Falastin xalqiga qarshi genotsid urushi olib bormoqda. G‘azoda halok bo‘lgan bolalar, ayollar va keksa falastinliklardan tashqari, gumanitar va sog‘liqni saqlash sohalarida faoliyat yuritayotgan ko‘ngillilar va jurnalistlar soni ortib bormoqda”, deyiladi xabarda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi uylar va turar-joylarni bombardimon qilishda davom etmoqda, shuningdek, G‘azodan o‘g‘irlab ketilgan tinch aholini Isroil qamoqxonalarida har xil qiynoq va haqoratlarga duchor qilmoqda. Mansurning ta’kidlashicha, bu davr mobaynida Isroil ishg‘ol qilingan G‘arbiy Sohilda va Sharqiy Quddusda ham armiyasi, ham "yahudiy ko‘chmanchilar" tomonidan falastinliklarga qarshi shafqatsiz hujumlarini davom ettirgan.
Siyosatchi Tel-Aviv ma’muriyatining G‘arbiy Sohil va Quddusdagi falastinliklarning uylarini ham buzib, ularning yerlarida "yangi turar-joy loyihalari"ni amalga oshirganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, Isroilning keng qamrovli hujumlari G‘arbiy Sohil va Quddusdagi falastinliklarni ichki ko‘chishga majbur qilgan.
“Xoniyaning o‘ldirilishi Eron suverenitetini ochiqdan-ochiq buzishdir. Isroil armiyasi Livan va Suriya hududlarida shunga o‘xshash qoidabuzarliklarni bir necha bor takrorlagan”, deb esladi u.
Falastin vakili Xoniyaning va G‘azoda 130 mingdan ortiq falastinlikning shafqatsizlarcha o‘ldirilishi va yaralanishi uchun Isroilning javobgarlikka tortilishini talab qildi va Isroilning G‘azoga deyarli 10 oydan beri davom etayotgan hujumlarini to‘xtatishga chaqirdi. Riyod Mansur Isroilni mintaqani beqarorlashtirish va Yaqin Sharqni keng qamrovli urushga tortishga urinayotganlikda aybladi.
LiveBarchasi