Falastin BMTning to‘laqonli a’zosi bo‘lishi kerak – Xitoy
Olam
−
11 mart
4134Xitoy Falastinning BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lish istagini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Van I matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Biz Falastinning BMTga to‘laqonli a’zo sifatida qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlaymiz va Xavfsizlik Kengashining alohida a’zolarini endi bunga aralashmaslikka chaqiramiz. Biz kengroq, nufuzli va samarali xalqaro tinchlik konferensiyasini o‘tkazishni, ikki davlat yechimini amalga oshirish bo‘yicha jadval va yo‘l xaritasini ishlab chiqishni taklif qilamiz”, deydi u.
Tashqi ishlar vaziri davom etayotgan mojaroni “insoniyat uchun fojia va sivilizatsiya uchun sharmandalik” deb atadi. Uning aytishicha, mojarolarni cho‘zish va tinch aholini o‘ldirishni hech narsa oqlay olmaydi. Vazirga ko‘ra, jahon hamjamiyati zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni birinchi o‘ringa qo‘yish va insonparvarlik yordamini o‘zining birinchi missiyasi va mas’uliyati sifatida ko‘rsatish uchun shoshilinch va qat’iy choralar ko‘rishi kerak.
“Biz nafaqat ikki davlat, balki arablar va yahudiylarning tinch-totuv yashashi manfaati uchun Falastin va Isroil o‘rtasida tinchlik muzokaralarini tezroq boshlash tarafdorimiz. Xitoy tinchlikni tiklash, hayotni saqlab qolish va adolatsizlikka barham berish uchun xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda sa’y-harakatlarni davom ettiradi”, deydi Xitoy TIV rahbari.
Ma’lumot uchun, Falastin 2012 yilning noyabridan beri BMTda kuzatuvchi davlat hisoblanadi. 2019 yil holatiga ko‘ra, Falastin davlatining mustaqilligini Birlashgan Millatlar Tashkilotiga 193 ta a’zo davlatdan 138 tasi tan olgan.
LiveBarchasi