Murdalar va vayronalar orasiga qaytayotgan falastinliklar

Tahlil

image

Falastinliklar o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan so‘ng G‘azo sektoriga qaytmoqda. Isroil va HAMAS guruhi o‘rtasida 19 yanvar kuni tushda boshlangan sulh roppa-rosa olti hafta davom etadi. Erishilgan kelishuvning muhim qismi mahbuslar almashinuvi bo‘lib, uning birinchi bosqichi 33 nafar isroillik garovga olingan va 2000 ga yaqin falastinlik mahbusni ozod qilishni o‘z ichiga oladi. Ikki mamlakatda “qisqa” muddatli tinchlik boshlandi. Qon va faryodga to‘la Falastin ko‘chalari tinchigandek bo‘ldi.

Nihoyat, kelishuv ortidan G‘azoda bir yildan ortiq vaqtdan beri ilk bora uchuvchisiz uchoqlar yoki bombardimonlar ovozisiz kechgan birinchi tun o‘tdi. Shundan keyin qo‘rquv ichida qolgan odamlar vayron bo‘lgan uylariga qaytib, bedarak yo‘qolgan yaqinlarini qidira boshladi. G‘azo tarixiy inqirozni boshidan kechirdi va nihoyat, horigan Falastin hordiq chiqarish uchun “oyoq cho‘zdi”. “The Guardian” nashrining yozishicha, HAMAS qo‘lga olgan uch nafar garovdagilarning ozod qilinishi va Isroil qamoqxonalaridan 90 falastinlikning almashuvi ortidan kuchga kirgan sulh ikki mamlakatda ham katta quvonch bilan qarshi olindi. Qolaversa, o‘qlar ovozi tingan Falastin hududlariga nihoyatda zarur bo‘lgan gumanitar yordam oqib kela boshladi.

Biroq 20 yanvar kuni 2,3 million aholiga ega G‘azo sektori 2023 yil 7 oktyabrda HAMASning hujumiga javoban Isroil tomonidan yetkazilgan vayrongarchilik miqyosini o‘lchay boshlaganida, bayramlar o‘rnini alam va qayg‘u egalladi. Isroilda esa garovdagilar sog‘-omon qaytarilgani uchun xursandchilik kayfiyati HAMASning garovdagilarni topshirish paytida namoyish qilgan kuchi ortidan yana g‘azabga almashdi.

Aslida nima bo‘ldi?

Isroilning G‘arbiy Sohilda joylashgan yahudiy ko‘chmanchilari G‘azo bo‘yicha kelishuvga qarshi chiqib, 19 dekabr kuni kechqurun falastinliklar shahri Ramallohga kirishni to‘sib qo‘yishga urindi. Ular Isroil qamoqxonalarida ushlab turilgan 90 nafar ayollar va bolalarning qaytarilishiga to‘sqinlik qilishga harakat qildi. Isroil ekstremistlari G‘arbiy Sohilning uchta qishlog‘ida uylar va avtomobillarni yoqib yuborgani haqida ko‘plab OAVlar xabar berdi. Isroil Mudofaa armiyasining bayonotida tartibsizlik ishtirokchilarini tarqatib yuborishda “tezkor” choralar ko‘rilgani va ikki kishi qo‘lga olingani aytiladi, ammo bu holat huquq himoyachisi – “Yesh Din” tashkiloti tomonidan shubha ostiga olindi.

O‘t ochishni to‘xtatishning dastlabki olti haftalik bosqichi davom etadimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum. Ammo kelishuv ortidan tinchlik tugal bo‘lmadi. Ba’zida sulh qoidalari buzildi. Masalan, 20 yanvar kuni zo‘ravonlik haqida ayrim xabarlar kelib tushgan, jumladan, shifokorlarning ma’lum qilishicha, Isroil qo‘shinlari Rafah hududida sakkiz kishini otib o‘ldirgan. Isroil harbiylari ushbu xabarlarni tekshirishayotganini ma’lum qilgan.

G‘azo sektori Netsarim yo‘lagi orqali ikkiga bo‘lingan. Isroil armiyasining ushbu hududdan qo‘shinlarini olib chiqishi sulhning yettinchi kunida boshlanishi kutilmoqda. Ammo G‘azoning shimoliy va janubiy hududlarida ko‘chirilgan tinch aholi o‘z shaharlariga, qishloqlariga va qochqinlar lagerlariga uzoq yo‘lni oyoq, piyoda yoki eshak aravalari orqali bosib o‘tmoqda. Ular yo‘l-yo‘lakay portlamagan snaryadlar ustida yurishga majbur bo‘lmoqda.

“The Guardian ”ning xabar berishicha, shimoldagi Bayt-Lahiya shahridan bo‘lgan 22 yoshli Yusuf 20 yanvar kuni urushda ota-onasi va akasini yo‘qotib, G‘azo shahridan o‘z uyiga qaytgan.

“Bayt-Lahiyaga yetib kelganimda birinchi bo‘lgan hissiyot – bu shok va dahshat. Bu to‘qqiz ballik zilzila oqibatiga o‘xshaydi. Shahrimda ko‘chalarning, do‘konlarning, bog‘larning, bozorlarning, shifoxonalarning yoki hokimiyat binolarining izi ham qolmagan. Atrofda faqat xarobalar va ular orasida yotgan murdalar bor”, degan u.

U keyinroq ham yana murdalar va vayronalar makoni – G‘azo shahriga qaytish niyati borligini aytgan.

“Men bu yerga faqatgina yashash uchun zarur bo‘lgan suv, oziq-ovqat, tibbiy xizmat va infratuzilma tiklanganida qaytishni reja qilganman, shunda biz hayotimizni yangidan boshlashimiz mumkin bo‘ladi”, degan u.

20 yanvar kuni Fuqaro mudofaasi xizmati bedarak yo‘qolgan 10 mingga yaqin kishini qidirish rasmiy ravishda boshlanganini e’lon qildi. Ularning ko‘pchiligini izlash esa befoyda. Qolaversa, sulhga qaramay, G‘azoda halok bo‘lganlar soni oshishda yana davom etmoqda: shifokorlar oxirgi 24 soatda 62 nafar jasad topilganini ma’lum qildi. Bu bilan halok bo‘lganlar soni 47 mingga yetdi. 110 ming kishi yaralangan, ulardan choragi hayotini izdan chiqaruvchi jarohat olgan. Shuningdek, 12 ming kishi shoshilinch davolanish uchun boshqa joylarga ko‘chirilishga muhtoj.

48 yoshli Um Saber olti farzandning onasi va beva ayol. U 20 yanvar kuni Bayt-Lahiyaga qaytdi. U “Associated Press”ga yo‘l bo‘ylab bir necha murdalarni ko‘rgani, ba’zilari bir necha hafta davomida ochiq havoda yotganini aytib bergan. Shuningdek, u uyining butunlay vayron bo‘lganini va qo‘shnilarining yaqinlarini qidirish uchun vayronalarni kovlashni boshlaganini qo‘shimcha qildi. Ba’zi odamlar esa chodir tiklash uchun joy ochishga urinmoqda.
 


“Kasalxonalar vayron qilingan. Hammasi o‘ta daxshatli”, degan u.

G‘azoga ko‘mak 

Sulh kuchga kirishi ortidan 20 yanvar kuni 630 ta yuk mashinasi G‘azo sektoriga kirdi. Yuklarning yarmi deyarli tashqi dunyodan uzilgan G‘azoning shimoliy qismiga yuborilgan. Isroil Falastin hududiga gumanitar yordam yetkazilishini qasddan to‘xtatib qo‘yganini rad etib, yordam agentliklarini kechikishlarda ayblamoqda va HAMASni yetkazib berishlarni to‘xtatishda ayblayapti.

Hozirda kuniga o‘rtacha 18 ta yuk mashinasi hududga kiritilmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azoda gumanitar inqirozni jilovlash uchun kuniga 500 ta yuk mashinasi kirishi zarur. Ammo yordam oqimini oshirish uchun ko‘proq vaqt talab qilinishi mumkin. Xalqaro qutqaruv qo‘mitasi rahbari Devid Milibend qurolli guruhlarning xavfi bilan bog‘liq muammolarni tilga olib, bu jarayon yana kechikishini aytdi.
 
G‘azo sektorini tiklash va boshqarish masalalari mart oyida o‘t ochishni to‘xtatishning birinchi bosqichi tugashidan oldin fevral oyida boshlanishi rejalashtirilgan muzokaralar davomida muhokama qilinishi kutilmoqda. BMT tomonidan yanvar oyi boshida o‘tkazilgan baholashga ko‘ra, Isroil bombardimonlari ortidan qolgan 50 million tonnadan ortiq vayronalar tozalanishi uchun 21 yil talab qilinadi va bu 1,2 milliard dollarga tushadi. JSST G‘azoda vayron bo‘lgan tibbiy infratuzilmani tiklash uchun 10 million dollar kerakligi, sektordagi 36 shifoxonaning faqat yarmi qisman ishlayotgani haqida ma’lumot bergan.
 
Shunday qilib, G‘azo og‘ir bosim ostidan chiqqanday bo‘ldi, ammo voqealar rivoji qanday bo‘lishi haligacha noma’lum. G‘azoliklar bugun xursand. To‘g‘ri, ularning uyi va yaqinlari yo‘q, lekin ularning dilida qisqa muddatli xotirjamlik bor.


Maqola muallifi

Teglar

Falastin Isroil G'azo HAMAS G'arbiy Sohil Ramalloh Bayt-Lahiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing