Isroilning G‘azoga hujumlarida halok bo‘lganlar 70 mingdan oshdi
Olam
−
02 dekabr 863 2 daqiqa
Isroil armiyasining G‘azo sektoriga so‘nggi 24 soat ichida uyushtirgan hujumlarida halok bo‘lganlar soni yana 9 kishiga ko‘payib, 70 112 nafarga yetdi. Bu haqda G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib, “Anadolu” xabar berdi.
G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi yozma bayonotida Isroil hujumlari oqibatidagi qurbonlar va vayronalar ostidan topilgan yangi jasadlar haqidagi so‘nggi ma’lumotlarni e’lon qildi. So‘nggi 24 soat ichida vayronalar ostidan 9 nafar falastinlikning jasadi chiqarilgan, yana 1 nafar yarador shifoxonaga yetkazilgan.
Sulh kuchga kirganidan buyon sodir etilgan hujumlarda 356 kishi halok bo‘lgan, 909 kishi yaralangan, vayronalar ostidan 616 jasad topilgan.
2023 yil oktyabr oyida boshlangan Isroil hujumlari davomida halok bo‘lganlar umumiy soni 70 112 kishiga, yaradorlar esa 170 986 kishiga yetgan.
G‘azo bo‘yicha sulh va asirlar almashinuvi kelishuvi
9 oktyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Misrdagi muzokaralar davomida Isroil va HAMAS G‘azodagi sulh rejasining birinchi bosqichini ma’qullaganini e’lon qildi.
Muzokaralar o‘tkazilgan Misrda imzolangan kelishuv 10 oktyabr kuni Isroil hukumati tomonidan tasdiqlangach, kuchga kirdi. G‘azo sektorida sulh mavjud bo‘lishiga qaramay, Isroil armiyasi vaqti-vaqti bilan turli ayblovlarni vaj qilib, falastinliklarga zarbalar bermoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil armiyasi o‘tgan hafta G‘azo janubidagi Rafah shahri yaqinida qurshovda qolgan HAMAS harakati a’zolaridan 40 nafarini yo‘q qilganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi