Falastin hukumati iste’foga chiqyapti
Olam
−
26 fevral
9281Falastin Bosh vaziri Muhammad Shtaye Falastin milliy ma’muriyati rahbari Mahmud Abbosga o‘zi boshchilik qilayotgan hukumatni iste’foga chiqarish haqida iltimosnoma topshirdi. Bu haqda Falastin Vazirlar Mahkamasi rahbarining o‘zi ma’lum qildi.
“O‘tgan seshanba kuni men Prezident Abbosga iste’foga chiqish haqida ariza berdim”, deydi Bosh vazir.
Shtayening qo‘shimcha qilishicha, Falastin milliy ma’muriyatini boshqaruv vositalaridan biriga aylantirishga urinishlarni qabul qilib bo‘lmaydi.
Bosh vazirga ko‘ra, u boshchiligidagi Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyati davomida G‘azodagi keskinlashuvning yangi bosqichi fonida duch kelishga majbur bo‘lgan qiyinchiliklarga qaramay, "fuqarolar talablari va Falastin xalqi huquqlarini himoya qilish o‘rtasidagi muvozanatga erisha olgan”.
Siyosatchi iste’foga chiqish sababini ochiqlamadi. “Al Mayadeen” telekanaliga ko‘ra, Shtaye boshchiligidagi Vazirlar Mahkamasi yangi hukumat tuzilmaguncha o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Telekanal suhbatdoshining ta’kidlashicha, Prezident Abbos ba’zi mintaqaviy o‘yinchilar va AQSH tomonidan unga ko‘rsatgan bosim tufayli hukumatni o‘zgartirmoqda. Taxminlarga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining iste’foga chiqishi G‘azo sektoridagi mojaroga barham berish bo‘yicha olib borilayotgan vositachilik harakatlari hamda Isroil qo‘shinlarini olib chiqib ketish va anklavdan blokadani olib tashlash bo‘yicha xalqaro kafolatlar berilishi bilan bog‘liq.
Ma’lumot uchun, Shtaye 2019 yil 10 martdan beri Falastin Bosh vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi. U Abbos bilan yaqin aloqada bo‘lgan va ko‘pincha matbuotda Prezidentning vorisi sifatida tilga olingan.
LiveBarchasi