Facebook vakili Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi

Texnologiya

image

“Facebook” kompaniyasi O‘zbekistonda davlat organlari ochiqligi va so‘z erkinligi ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni olqishlaydi. Kompaniya mamlakatda ijtimoiy tarmoqlar faoliyati uzluksiz faoliyati yuritishi uchun qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevdan minnatdor. Bu haqda O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobovning Facebook kompaniyasining mahsulot siyosati va strategik direktori Endi O'Konnell bilan uchrashuvida so‘z borgan. 

“Dunyo” axborot agentligining yozishicha, uchrashuvda Amerika tomoniga O‘zbekiston hukumati tomonidan faol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni joriy etish, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, aholi turmush darajasi va farovonligini barqaror o‘sishiga hissa qo‘shish, axborot texnologiyalarini jadal rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berilgan. 

Muzokaralar chog‘ida internet makonida, xususan, “Facebook”,  “Instagram” va “WhatsApp” platformalari orqali zo‘ravon ekstremizm va radikallashuvning oldini olish bo‘yicha tomonlarning o‘zaro hamkorligini takomillashtirish zarurligiga alohida e’tibor qaratilgan. Bu borada yoshlarning zo‘ravon ekstremizm g‘oyalari targ‘ibotiga immunitetini oshirish, xorijda yashab, mehnat qilayotgan fuqarolarning ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib qolishining o‘z vaqtida oldini olish O‘zbekiston hukumatining ustuvor vazifalari ekanligi alohida ta’kidlangan.. 

“Facebook” vakili respublikada davlat organlarining ochiqligi va so‘z erkinligini ta’minlash borasida respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Endi O'Konnell ta’kidlaganidek, Amerika kompaniyasi “Facebook” platformasi va mamlakatdagi boshqa internet tarmoqlarining uzluksiz ishlashini ta’minlashga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevdan minnatdor.  

Uning fikricha, hozirgi vaqtda ijtimoiy tarmoqlar nafaqat odamlar o‘rtasidagi muloqot vositasi, balki har bir jamiyatdagi dolzarb muammolarni tez aniqlash uchun juda samarali kanaldir. Endi O'Konnell ta’kidladiki, bu borada O‘zbekiston internet makonidagi yangi dinamika va hukumat tomonidan dolzarb muammolarni hal etishga qaratilayotgan katta e’tibor juda samarali va asosli yondashuvdir. 

“Facebook” rahbariyati O‘zbekiston tomonining ekstremistik g‘oyaning har qanday manbalari va terrorchi guruhlarni onlayn yollash tarmoqlarini o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha kompaniya bilan yaqindan hamkorlik qilish istagini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Endi O'Konnell ta’kidlaganidek, Meta Platforms, Inc. va uning “Facebook” bo‘limi tomonlarning ushbu yo‘nalishdagi faol o‘zaro hamkorligini olqishlaydi. 

Bundan tashqari, “Facebook” vakili iqtidorli IT-mutaxassislarni tayyorlashda yordam berishga, O‘zbekiston vakillarini kompaniya bosh ofisida qabul qilishga tayyorligini bildirdi. Muzokaralar chog‘ida ta’kidlanganidek, O‘zbekistondagi har bir qiziquvchi talaba Amerika kompaniyasining veb-saytida (https: //www. facebookcareers. com/students-and-grads/) maxsus yaratilgan veb-sahifa orqali amaliyot o‘tash uchun ariza topshirishi mumkin. 

Eslatib o‘tamiz, 28 oktyabrda nomi “Meta” deb o‘zgartirilgan “Facebook” kompaniyasiga 2004 yilda asos solingan. Uning bugungi kundagi bozor qiymati qariyb 1 trillion dollarga teng. “Meta” kompaniyasi “Facebook”, “Instagram”, “WhatsApp” kabi ijtimoiy tarmoqlarni o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda kompaniya nafaqat ijtimoiy tarmoqlarni rivojlantirish, balki odamlarning kundalik faoliyatida virtual haqiqat texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish bilan ham shug‘ullanadi. Kompaniyaning 2020 yilda yillik daromadi 29,1 milliard dollarni tashkil etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Facebook Javlon Vahobov Endi O'Konnell

Baholaganlar

69

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing