O‘FA Samvel Babayanning kechirilish sababini ma’lum qildi
Sport
−
27 fevral 2019
9447O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi muvaffaqiyatsiz faoliyatidan keyin hadsiz tanqidlarga duchor bo‘lgan mutaxassis Samvel Babayan “Lokomotiv” jamoasida ish boshlagani haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Samvel Babayanning Toshkentning “Lokomotiv” futbol klubida ish boshlashi yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi.
Samvel Babayan O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCH-2018 yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmaganidan so‘ng iste’foga chiqarilgandi. Keyinroq tashkilot Samvel Babayanning bosh jamoadagi faoliyatini alohida o‘rganib chiqish talab etilgan o‘n mingdan ziyod maktubni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining portali orqali qabul qilib oldi. Aynan mana shu so‘rovlarga asosan 2018 yilning 15 yanvar kuni Samvel Babayanga nisbatan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ish ochdi hamda mazkur ish yakuniga qadar O‘FA Ijroqo‘mi murabbiyni futboldan chetlatdi.
O‘rganishlar Samvel Babayan milliy terma jamoadan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalangandi degan xulosaga olib keldi. Shuning o‘ziyoq uning uchun terma jamoalar eshiklarini yopish uchun yetarli bo‘ldi. Biroq keyinchalik O‘FA Ijroqo‘miga “Bunyodkor” futbol klubi nomidan bildirgi taqdim etilib, Babayandan diskvalifikatsiyani olib tashlash so‘ralgan.
“Bunyodkor” futbol klubi Samvel Babayanga shaxsiy kafil bo‘lish tashabbusini bildiradi va unga qo‘llanilgan intizomiy chorani yengillashtirishni so‘raydi. Zero so‘nggi vaqtlarda davlat rahbarining shaxsan o‘zi bilib-bilmay aybli qilmish qilgan va o‘z aybidan chuqur pushaymon bo‘lgan shaxslarni afv etmoqda. O‘z navbatida aybini tan olgan va uni yuvish uchun mehnat qilishga tayyor turgan shaxslarga nisbatan insonparvarlik prinsipini qo‘llagan holda yordam qo‘lini cho‘zish zarur deb hisoblaymiz”, deyiladi yozilgan bildirgida.
O‘FA Ijroqo‘mi a’zolari mazkur xatni bir ovozdan yoqladi. Shu tariqa O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan ochilgan ish 2018 yilning 1 fevral kuni yopildi hamda Samvel Babayanning diskvalifikatsiyasi bekor qilindi.
Samvel Babayan termada faoliyat olib borgan davrda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, uning termaga bosh murabbiy etib tayinlanishi borasidagi qarorning uzviy davomidir. Bu holat O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga xulosa o‘rnida xizmat qilib, milliy terma jamoa bosh murabbiyi javob berishi kerak bo‘lgan aniq talablar ishlab chiqilishi vazifa sifatida O‘FA Terma jamoalar bo‘limiga topshirildi. Unga ko‘ra, milliy terma jamoani keyingi o‘rinlarda Yevropa va Lotin Amerikasi futboli bilan yaxshi tanish bo‘lgan, ulardagi ustun jihatlarni o‘zbekistonlik futbolchilarga o‘rgata olish salohiyatiga ega bo‘lgan, shuningdek, faoliyati davomida ko‘zga ko‘rinarli yutuqlarni qo‘lga kiritgan mutaxassis boshqarishi kerak edi. O‘FA shundan kelib chiqqan holda milliy terma jamoaga taniqlik argentinalik mutaxassis Ektor Kuperni olib keldi.
O‘FA bundan buyon Samvel Babayan O‘zbekistonning hech qaysi terma jamoasida faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘ymaydi. Qo‘shimchasiga, keyingi faoliyatini Samvel Babayansiz tasavvur qila olmagan “Lokomotiv” futbol klubining qaroriga ham qarshilik ko‘rsatmaydi.
LiveBarchasi
Dollar kursi biroz pastladi.
04 dekabr