Fyuri – Joshua jangi uchun 80 mingta chipta bir soatda sotildi
Sport
−
16:02 459 2 daqiqa
Kardiffdagi “Prinsipaliti” stadionida o‘tkaziladigan sobiq jahon chempionlari Tayson Fyuri va Entoni Joshua o‘rtasidagi boks jangi uchun barcha chiptalar atigi bir soat ichida sotilib ketdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Kecha, 9 oktyabr kuni Britaniya yozgi vaqti bilan soat 12:00 da taxminan 80 mingta chipta sotuvga chiqarilgan. Xizmat haqini qo‘shganda, eng qimmat chipta 13 128 funt sterling (17 370 dollar), eng arzon chipta esa 88,50 funt sterling (117 dollar) etib belgilangan.
Chiptalar savdosi boshlanganidan bir necha daqiqa o‘tib, onlayn navbatda 500 mingdan ortiq kishi paydo bo‘lgan. Shunga qaramay, barcha chiptalar tez orada sotilib ketgan. Biroq chiptalar qayta sotuv saytlarida ham paydo bo‘lgan. Ularda VIP o‘rinlar 73 600 funt sterlingga, yuqori qavatdagi o‘rinlar esa 425 funt sterlingga taklif qilinmoqda. Jang joriy yilning 11 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot uchun, 38 yoshli Tayson Fyuri professional faoliyati davomida 36 ta g‘alaba, ikki mag‘lubiyat va bir durang qayd etgan. Uning har ikki mag‘lubiyati Aleksandr Usikka qarshi janglarda yuz bergan, Deontey Uaylder bilan esa bir marta durang o‘ynagan. Avval WBA, WBO va IBF kamarlarini qo‘lga kiritgan 36 yoshli Entoni Joshuaning hisobida 30 ta g‘alaba va to‘rtta mag‘lubiyat bor. U Aleksandr Usikka ikki marta, Endi Ruis va Daniel Dyubuaga esa bir martadan mag‘lub bo‘lgan.
Live
Barchasi