Fyuri va Joshuaning jangi 200 million dollarga baholanmoqda

Sport

−

image

Britaniyalik bokschilar Tayson Fyuri va Entoni Joshua o‘zaro jang uchun taxminan 200 million dollarlik mablag‘ni bo‘lishib oladi. Bu haqda “The Athletic” xabar berdi.

Jang joriy yilning 11 dekabr kuni Uelsning Kardiff shahridagi “Millennium” stadionida bo‘lib o‘tadi.

Manbaga ko‘ra, jang o‘tkaziladigan joy borasidagi kelishmovchiliklar tufayli muzokaralar bir necha bor barbod bo‘lish arafasida turgan. Jangni moliyalashtirayotgan tomonlar uni Nyu-Yorkda o‘tkazishni istagan, Fyuri esa AQSHda jang qilishga tayyor bo‘lgan. Biroq Joshua va uning promouteri bellashuv Buyuk Britaniyada o‘tkazilishini talab qilgan.

Yakunda tomonlar Kardiff variantiga to‘xtalgan. Yopiq stadion dekabr oyidagi jangni o‘tkazish, shuningdek, tadbirni xalqaro auditoriya uchun namoyish etish imkonini beradi.

Ma’lumot uchun, 38 yoshli Tayson Fyuri professional faoliyati davomida 36 ta g‘alaba, 2 ta mag‘lubiyat va 1 ta durang qayd etgan. Britaniyalik bokschi faoliyati davomida WBA, WBO, IBO, IBF va WBC versiyalari bo‘yicha chempionlik kamarlariga ega bo‘lgan. Fyuri joriy yilning iyul oyida 2026 yil boksdagi faoliyatining so‘nggi yili bo‘lishini ma’lum qilgan.

36 yoshli Entoni Joshua esa 2025 yil 29 dekabr kuni Nigeriyada ikki kishining hayotiga zomin bo‘lgan yo‘l-transport hodisasidan so‘ng yanvar oyida mashg‘ulotlarga qaytgan. U professional boksda 30 ta g‘alaba va 4 ta mag‘lubiyat qayd etgan. Joshua faoliyati davomida IBF, WBA, WBO va IBO versiyalari bo‘yicha chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing