Ezzalzuli Seutani qo‘llab-quvvatlagani uchun o‘lim tahdidlariga uchradi
Sport
−
12:51 538 2 daqiqa
Marokashlik futbolchi Abde Ezzalzuli Afrikaning shimolida joylashgan Ispaniya anklavi Seuta bilan birdamlik bildirgan “Betis” klubiga qo‘shilgani ortidan o‘lim tahdidlariga uchradi. Bu haqda “A Bola” nashri xabar berdi.
“Real Betis”ning “Vilyarreal”ga qarshi safardagi uchrashuvi oldidan Abde ikki jamoa futbolchilari bilan birgalikda Seuta aholisini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Todos somos ceutes” (“Biz hammamiz Seutalikmiz”) shiori tushirilgan futbolka kiydi.
Biroq futbolchining ushbu harakati ayrim marokashlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining g‘azabiga sabab bo‘ldi. “A Bola” nashri xabar berishicha, Abde ijtimoiy tarmoqlarda vatandoshlaridan haqorat va tahdidlar olgan. Ayrim foydalanuvchilar uni “xoin” va “qo‘rqoq” deb atagan.
“Haqiqiy marokashlik o‘z vatani eng ko‘p muhtoj bo‘lgan paytda uni tashlab ketmaydi. Ayrim narsalar hech qachon unutilmaydi va xiyonat yillar davomida qozonilgan hurmatni yo‘q qiladi”, deb yozgan foydalanuvchilardan biri.
Yana bir izohda esa: “Vatanga xiyonat bir lahzalik harakat emas, balki tarixiy xotirada qoladigan sharmandalikdir. Vatanni sotib bo‘lmaydi va o‘z yurtiga xiyonat qilganlar uning o‘zini yo‘qotishidan oldinyoq hurmatni yo‘qotadi”, deya ta’kidlangan.
Ma’lumot uchun, Abde Marokashning Beni-Mellal shahrida tug‘ilgan va Ispaniyaning Elche shahrida voyaga yetgan. 2021 yilda u Ispaniya terma jamoasi safida o‘ynash imkoniyatini ko‘rib chiqqan, ammo yakunda Marokash milliy jamoasini tanlagan.