Yoz-yozlar ortidan Bosh vazir Aripov kinochilar bilan uchrashdi
Madaniyat-san’at
−
29 Oktabr 2020
11767O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov mamlakat kino sohasi ijodkorlari bilan uchrashdi. Unda joriy yilning aprel oyidan buyon “O‘zbekkino” milliy agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov ustidan Hukumatga va Prezident qabulxonasiga yozilayotgan arizalar, ularda ko‘tarilgan masalalar muhokama qilingan.
Uchrashuvda Bosh vazir Abdulla Aripov Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil avgust oyida O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvda hukumat oldiga qo‘ygan qator vazifalar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida qisqacha ma’lumot bergan.
Unda so‘nggi yillarda milliy kinematografiya rivojiga davlat tomonidan qaratilayotgan katta e’tibor natijasida sohada muayyan yutuqlarga erishilgani, mazmun va shakl jihatidan rang-barang kino asarlar yaratilib, ular tomoshabinlar e’tiborini qozongani qayd etilgan.
Shu bilan birga, sohada o‘z yechimini kutayotgan muammolar ham borligi, ya’ni muayyan kinostudiyalarning moddiy-texnika bazasi jismoniy va ma’naviy jihatdan eskirgani, kinofilmlarni moliyalashtirish tizimining bugungi kun talablariga javob bermasligi, kinoteatrlar va malakali kadrlar yetishmasligi, yaratilgan filmlar targ‘iboti sust kechayotgani ta’kidlangan.
Hukumat raisi kino san’ati inson saviyasi yuksalishida muhim rol o‘ynashini, shuning uchun songa emas sifatga e’tibor qaratib, g‘oyasi va tarbiyaviy ahamiyati yuqori bo‘lgan badiiy film va seriallar yaratish lozimligini bildirgan.
Shuningdek, jamiyatda xalqimiz, avvalo, yoshlar ongiga milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, ona Vatanga muhabbat tuyg‘ularini singdirishda katta ta’sir kuchiga ega bo‘lgan kino san’atining rolini oshirish bugungi kunning talabi ekanini qayd etgan.
Uchrashuvda kinoijodkorlar ijodiy faoliyati davomida duch kelayotgan ayrim muammolarni hal etish yuzasidan amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Uchrashuvda keyingi vaqtlarda g‘oya va saviya jihatdan sayoz film va seriallar nisbatan ko‘paygani, ularda adabiy til qoidalariga aytarli rioya qilinmayotgani, kinoteatrlar sust faoliyat yuritayotgani, dublyaj san’ati rivojiga e’tibor yo‘qolgani, multiplikatsion va animatsion filmlar yaratish talab darajasida emasligi, filmlarning targ‘iboti aytarli yo‘lga qo‘yilmagani ta’kidlangan.
LiveBarchasi