Yoz yaqin. O‘zbekiston va Turkmaniston Amudaryodan foydalanishni kelishib oldi
Jamiyat
−
17 mart
16547O‘zbekiston va Turkmaniston suv xo‘jaligi idoralari rahbarlari suv xo‘jaligi ob’ektlarini ekspluatatsiya qilish va modernizatsiyalash, Amudaryoda selga qarshi va qirg‘oqni mustahkamlash ishlarini olib borish hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari ko‘rib chiqdi. Bu haqda “Dunyo”axborot agentligi xabar berdi.
Bildirilishicha, joriy yilning 13-14 mart kunlari O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi ishchi tashrif bilan Turkmanistonga borgan va Turkmanobod shahrida ikkala davlat suv xo‘jaligi idoralari rahbarlari va mutaxassislarining uchrashuvi bo‘lib o‘tgan.
Muzokaralar natijasida o‘zbek-turkman suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha qo‘shma hukumatlararo komissiyaning to‘rtinchi yig‘ilishida erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlar kelishib olingan.
“Tomonlar Amudaryo oqimi yo‘qotishlarining oldini olish va undan oqilona foydalanishga qaratilgan zarur gidrotexnik tadbirlarni amalga oshirishda yaqindan hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Muloqot davomida, shuningdek, transchegaraviy suv ob’ektlarida qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va suv resurslari hisobini raqamlashtirish bo‘yicha tajriba almashish hamda suv xo‘jaligi sohasi uchun mutaxassislar tayyorlashda hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, O‘zbekiston va Turkmaniston suv xo‘jaligi idoralari vakillari Tuyamo‘yin gidrouzeli ob’ektlariga tashrif buyurib, ularning samarali faoliyat yuritishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shma chora-tadbirlarni joyida muhokama qilgan.
Ma’lumot uchun, avvalroq O‘zbekiston va Turkmaniston Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa kanalidan xavotir bildirgandi. Qo‘shtepa kanali doimiy qurg‘oqchilikdan aziyat chekayotgan hududlarga suv yetkazib berish orqali qishloq xo‘jaligi landshaftini o‘zgartirishga qaratilgan. Qurilish tugagach, kanal 285 kilometrga cho‘ziladi va mamlakatning qurg‘oqchil shimoliy viloyatlarini sug‘orishga yordam beradi. Ammo kanal Amudaryo resurslarini yo‘naltiradi va sovet davridan buyon bu manbadan foydalangan ikki davlat uchun suv ta’minoti bo‘yicha muammolarni paydo qiladi. O‘zbekiston va Turkmaniston 2028 yilda suv yo‘li qurib bitkazilganidan so‘ng hozirgi suv oqimining 15 foizgacha qismini yo‘qotishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Qozog‘iston Sirdaryo suvini hisoblashni avtomatlashtirishi, daryo bo‘yida 10 ta o‘lchash stansiyasi o‘rnatgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi