Eyfel minorasining bir qismi kimoshdi savdosiga qo‘yiladi
Olam
−
13:22 827 1 daqiqa
Fransiya poytaxti Parijdagi Eyfel minorasi asl zinapoyasining bir qismi auksionga chiqariladi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
Aniqlik kiritilishicha, ushbu fragment mehmonlarga minoraning ikkinchi qavatidan uchinchi qavatiga ko‘tarilish imkonini bergan aylanma zinapoyaning bir qismi bo‘lgan. Gazetaning qayd etishicha, 1983 yilda ushbu konstruksiya demontaj qilinib, 24 qismga bo‘lingan, ularning 20 tasi kimoshdi savdosida sotib yuborilgan.
Ushbu qism auksion uyi tomonidan sotuvga qo‘yilgan fragmentlarning eng so‘nggisi bo‘ladi. 2016 yilda zinapoyaning qismlaridan biri rekord darajadagi 611 ming dollarga sotilgan.
“Artcurial” savdo uyi bo‘lajak auksionda bu rekord yangilanishiga umid qilmoqda. Lotning boshlang‘ich bahosi 146–176 ming dollar atrofida baholanmoqda. Hozirgi vaqtda ushbu fragment uni 1983 yilda sotib olgan fransiyalik tadbirkorga tegishli.
Ma’lumot uchun, Eyfel minorasi muhandis Gyustav Eyfel tomonidan loyihalashtirilgan va 1889 yilda Butunjahon ko‘rgazmasi uchun qurilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Uyg‘onish davri rassomi va haykaltaroshi Mikelanjelo Buonarrotining kartinasi “Christie’s” kimoshdi savdosida 27,2 million dollarga sotilgandi.
Live
Barchasi