Eyfel minorasida ishlovchi “nomahram” ayollar minoradan haydaldi
Olam
−
10:27 2771 2 daqiqa
Parijdagi Eyfel minorasiga hindu diniy delegatsiyasi tashrifi chog‘ida ayol xodimlar ish joylarini tark etishga majburlangani haqidagi xabarlar yuzasidan tekshiruv boshlandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Hodisa joriy yilning 6 sentyabr kuni taxminan 100 nafar kishidan iborat, BAPS nomi bilan tanilgan hindu diniy tashkilotiga aloqador delegatsiyaning Eyfel minorasiga yopiq tashrifi vaqtida sodir bo‘lgani aytilmoqda.
Kasaba uyushmasi vakili Dian Davuanning “Reuters” agentligiga aytishicha, delegatsiya o‘tib ketayotgan paytda ayol xodimlardan ish joylarini tark etish va ularning o‘rniga erkak hamkasblarini qo‘yish so‘ralgan. Hodisa xodimlar o‘rtasida norozilik keltirib chiqargan.
Qayd etilishicha, kecha, 7 sentyabr kuni xodimlar voqeani muhokama qilish va rahbariyat bilan muloqot o‘tkazish uchun yig‘ilish o‘tkazgan. Shu sababli Eyfel minorasi kechroq ochilgan, kirish qismida esa kechikish “operatsion sabablar” bilan izohlangan yozuv paydo bo‘lgan.
Davuanning aytishicha, minora ma’muriyati xodimlardan hodisa uchun uzr so‘ragan.
Parij meri Emmanuel Greguar voqea yuzasidan imkon qadar tezroq tekshiruv boshlanishini ma’lum qilgan. U xodimlarning noroziligi asosli ekanini ta’kidlab, yuz bergan holatga olib kelgan barcha sabablar aniqlanishi zarurligini aytgan.
Shuningdek, hodisa yuzasidan BAPS tashkiloti ham bayonot bergan. Unda delegatsiyaning kelishi tashrif buyuruvchilarga xalaqit bermaslik maqsadida minora ochilishi bilan bir vaqtga rejalashtirilgani aytilgan. Tashkilot vakillarining ta’kidlashicha, ularga ma’lum bo‘lgan holatga ko‘ra, hech kim Eyfel minorasiga kirishdan to‘sib qo‘yilmagan. Shu bilan birga, BAPS yuzaga kelgan noqulaylik yoki og‘riqli holat uchun uzr so‘ragan.
Ma’lum qilinishicha, Fransiya Milliy assambleyasi raisi Yael Braun-Pive ham voqeaga munosabat bildirgan. U Fransiyada ayollar jamoat hayotida erkaklar bilan teng ravishda ishtirok etishini ta’kidlab, boshqalarni qabul qilish mamlakat qadriyatlaridan voz kechishni anglatmasligini bildirgan.
Bildirilishicha, BAPS delegatsiyasi Fransiyaga Parij atrofida hindu ibodatxonasi ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlarda ishtirok etish uchun borgan bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyada Eyfel minorasiga tegishli tarixiy spiral zinaning bir bo‘lagi auksionda qariyb 450 ming yevroga sotilgandi.