Eyfel yaqinidagi teraktda sayyoh halok bo‘ldi

Olam

image

Parijdagi Eyfel minorasi yaqinida sodir bo‘lgan hodisada germaniyalik sayyoh halok bo‘ldi, yana ikki kishi, jumladan, Britaniya fuqarosi yaralandi. Bu haqda BFMTV xabar berdi

Joriy yilning 2 dekabr kuni kechqurun pichoq bilan qurollangan gumonlanuvchi er-xotinga hujum qilgan. Bu Eyfel minorasidan bir necha qadam narida sodir bo‘lgan. Voqea vaqtida Germaniya fuqarosi halokatli darajada yaralangan. Politsiya gumonlanuvchini ta’qib qila boshlaganidan so‘ng, u yana ikki kishiga bolg‘a bilan hujum qilgan (ulardan biri Britaniya fuqarosi), shundan so‘ng u qo‘lga olingan.

Mamlakat Ichki ishlar vaziri Jerald Darmanenning ma’lum qilishicha, politsiya Fransiya fuqarosi bo‘lgan 26 yoshli yigitni shovqinli to‘pponcha yordamida tezda qo‘lga olgan.

“Gumonlanuvchi 2016 yilda teraktni rejalashtirgani uchun to‘rt yillik qamoq jazosiga hukm qilingan va Fransiya xavfsizlik xizmati kuzatuv ro‘yxatida edi”, deydi Darmanen. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, hujumchi ruhiy kasalliklardan aziyat chekkan.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron esa voqeani “terrorchilik harakati” deb atadi.

“Bugun kechqurun Parijdagi teraktda halok bo‘lgan Germaniya fuqarosining oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiraman”, deb yozdi Makron X ijtimoiy tarmog‘ida.

Fransiya Bosh vaziri Elizabet Born Fransiya terrorizmga murosasiz qarshi turishini ta’kidlagan bo‘lsa, Germaniya kansleri Olaf Shols voqeadan hayratda ekanini aytgan.

Fransiyaning terrorizmga qarshi prokuraturasi voqea yuzasidan tergov harakatlarini olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Le Parisien” nashri hujumchining asli kelib chiqishi eronlik ekanini yozgandi. Voqea qurboni bo‘lgan Germaniya fuqarosi esa asli filippinlik ekani  aytilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Parij Eyfel' minorasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made