Everestda mingga yaqin sayyoh qor bo‘ronida qolib ketdi
Olam
−
06 Oktabr 2025 3388 2 daqiqa
Dunyodagi eng baland nuqta bo‘lmish Everest tog‘ining uzoq Tibet yon-bag‘rlarida qor bo‘roni 1000 ga yaqin odamni "qamab qo‘ydi". Bu haqda BBC xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 3 oktyabr kuni kechasi qor bo‘roni boshlanib, Everest tog‘ining sharqiy yon-bag‘rlarida, alpinistlar va sayyohlar orasida mashhur hududda kuchaygan. Kuchli davom etgan bo‘ron 4 900 metrdan oshiqroq balandlikda joylashgan hududga kirishni to‘sib qo‘ygani sabab yo‘llarni ochish uchun yuzlab mahalliy qishloq aholisi va qutqaruv guruhlari safarbar etilgan.
Tibetning “Blue Sky Rescue” guruhi yordamga qo‘ng‘iroq qilib, kuchli qor tufayli chodirlar qulagani va ba’zi sayyohlar allaqachon kuchli sovuqdan aziyat chekayotganini aytgan. Shu sababli, Tingri okrugining sayyohlik kompaniyasi 4 oktyabrdan boshlab Everest hududiga chiptalar sotishni to‘xtatgan.
Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 350 ga yaqin odam qutqarilgan va Qudang shaharchasidagi xavfsiz joyga yetkazilgan.
“Bu yilgi ob-havo odatdagidek emas. Hodisa kutilmaganda sodir bo‘ldi, havo juda nam va sovuq edi. Yo‘lboshchimiz oktyabr oyida bunday ob-havoni hali ko‘rmaganini aytdi”, deydi qutqarilganlardan biri.
Qayd etish joiz, Xitoy-Nepal chegarasida joylashgan Everest dunyodagi eng baland tog‘ cho‘qqisi bo‘lib, uning balandligi 8 849 metrdan oshadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy Geologik universiteti olimlari Yerning eng baland cho‘qqisi – Everest balandligining doimiy ravishda o‘sib borayotganini aniqlagan edi.
Bunyod Keldiboyev