Ever Given kemasining egasi tovon pulini qay tartibda to‘lashi aytildi 

Olam

image

Suvaysh kanalini yopib qo‘ygan Ever Given kemasining egasi bir hafta ichida tovon puli masalasini tinch yo‘l bilan hal qilishni rejalashtirgan. Bu haqda Misr Prezidentining dengiz portlari va Suvaysh kanalini rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi, admiral Mohab Mamish ma’lum qilgan.  

"Vaziyat sud bosqichigacha yetib bormaydi, kemaning egasi tinchlik kelishuviga erishish orqali tovon to‘lamoqchi", degan u. 

Unga ko‘ra, kema kapitanini hibsga olish va unga nisbatan har qanday qonuniy choralarni qo‘llash istisno qilingan. 

Shuningdek, Mamish ushbu tergov uzoq davom etmasligini va katta ehtimol bilan bir hafta ichida yakunlanishini qo‘shimcha qilgan. 

"Tiqilinchda qolib ketgan kema egalariga tovon puli xalqaro sug‘urta kompaniyalari tomonidan to‘lanadi", degan Prezident maslahatchisi. 

Avvalroq, Ever Given konteyner kemasi Suvaysh kanaliga tiqilib qolib, yo‘lni to‘sib qo‘ygani oqibatida Misr ko‘rgan moliyaviy zarar 1 milliard dollarga yetishi mumkinligi haqida xabar bergandik.  

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 martga o‘tar kechasi Xitoydan Niderlandiyaga yo‘l olgan konteynerlarni tashuvchi eng yirik kemalardan biri Ever Given Suvaysh kanaliga tiqilib qoldi. Shu munosabat bilan 450 dan ortiq kemalarning tirbandligi yuzaga keldi.    

29 mart kuni qutqaruvchilar 27 ming kubometr qum chiqarilgandan so‘ng Ever Given kemasini ozod qilishga muvaffaq bo‘lishdi. 

Ma’lumot o‘rnida, Suvaysh kanali Yevropani Osiyo bilan bog‘lovchi muhim transport yo‘lagi hisoblanadi. Kanal O‘rta yer dengizidagi Port-Said shahridan boshlanib, Qizil dengizdagi Suvaysh portida nihoyasiga yetadi. Kanal ma’muriyati Port-Fuadda joylashgan.


Maqola muallifi

Teglar

Misr kema Suvaysh

Baholaganlar

186

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing