Estoniya va Finlyandiya Boltiq dengizini Rossiya harbiy kemalari uchun yopmoqchi

Olam

image

Finlyandiya NATOga qo‘shilgach, Estoniya yangi harbiy ittifoqchisi bilan Fin ko‘rfazi mudofaasini birlashtirmoqchi. Bu haqda Estoniya Mudofaa vaziri Xanno Pevkurning “Iltalehti” gazetasiga ma’lum qildi.

“Finlyandiya va Estoniyaning raketaga qarshi mudofaa tizimini birlashtirish Finlyandiya ko‘rfazini Rossiya harbiy kemalari uchun yopish imkonini beradi. Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi bilan Boltiq dengizi ittifoqning ichki dengiziga aylanadi”, deydi Pevkur. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Estoniya va Finlyandiya raketalarining parvoz masofasi Fin ko‘rfazining kengligidan ko‘proq.

Vazirning qayd etishicha, tomonlar bu haqda 11 avgust kuni Pevkur Xelsinkida Finlyandiya Mudofaa vaziri Antti Kaykkonen bilan uchrashganida kelishib olgan.

Shvetsiya va Finlyandiya masalasi

18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi, biroq Turkiya bu davlatlardan FETO, Kurdiston ishchilar partiyasi va Suriya Xalq mudofaasi kuchlari tashkilotlarini terrorchi deb e’lon qilishni, terrorizmda yoki 2016 yildagi davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etishda ayblanganlarni Anqaraga ekstraditsiya qilishni va Turkiyaga qurol yetkazib berishga qo‘yilgan taqiqlarni olib tashlashni talab qilib, a’zolik jarayonini darhol to‘xtatdi. 

Joriy yilning 28 iyun kuni Madridda NATO sammiti boshlanishidan oldin Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo, Shvetsiya Bosh vaziri Magdalena Andersson va alyans bosh kotibi Yens Stoltenberg o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ularning natijalariga ko‘ra, Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga ruxsat beruvchi memorandum imzolandi. Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Anqaraning barcha talablari bajarilishiga kelishib olingan. Unga ko‘ra, Shvetsiya terrorchilik faoliyatida ishtirok etgan 73 kishini ekstraditsiya qilishga va’da bergan.

30 iyun kuni NATO sammitidan keyin matbuot anjumanida ishtirok etgan Erdo‘g‘an, Shvetsiya va Finlyandiya uchun quvonishga hali ertaligini, ular shartni bajarsagina, Turkiya parlamenti Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga oid hujjatni ratifikatsiya qilishini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Finlyandiya

Baholaganlar

31

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing