Eskirgan tizim oqibatlari: Sergeli hokimi o‘ziga 35 million ustama belgiladi
Jamiyat
−
06 dekabr 2021
16293Sergeli tumani hokimi, Xalq deputatlari tuman kengashi raisi Elbek Shukurov o‘z imzosi bilan o‘ziga 35 million so‘m ustama belgiladi. Bu oydinlashgan qaror “e-qaror.gov.uz” saytida paydo bo‘ldi.
Xalq deputatlari Sergeli tuman kengashining joriy yil 1 dekabrdagi qarorida shunday yoziladi:
1. Toshkent shahar hokimining 2021 yil 8 iyuldagi 1-14-0-F/21, 2021 yil 6 avgustdagi 20-14-0-F/21, 2021 yil 30 avgustdagi 32-14-0-F/21, 2021 yil 7 oktyabrdagi 64-14-0-F/21, 2021 yil 9 noyabrdagi 90-14-0-F/21-sonli farmoyishlari ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Toshkent shahar hokimining 2021 yil 8 iyuldagi 1-14-0-F/21, 2021 yil 6 avgustdagi 20-14-0-F/21, 2021 yil 30 avgustdagi 32-14-0-F/21, 2021 yil 7 oktyabrdagi 64-14-0-F/21, 2021 yil 9 noyabrdagi 90-14-0-F/21-sonli farmoyishlariga asosan Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurovning mehnatda tashabbuskorligini rag‘batlantirish maqsadida 2021 yil iyun, iyul, avgust, sentyabr va oktyabr oylari uchun lavozim maoshiga ustama haqi to‘lash uchun 35,0 mln. (o‘ttiz besh million) so‘m mablag‘ Sergeli tumani mahalliy byudjetining uchinchi chorak daromadlar rejasini oshirib bajarilgan qismi hisobidan tuman hokimiyatiga ajratilsin.
3. Sergeli tumani moliya bo‘limi (F.Valixanov) ajratilgan mablag‘lar bo‘yicha 2021 yil tuman mahalliy byudjeti parametrlariga belgilangan tartibda tegishli o‘zgartirishlar kiritsin.
4. Sergeli tumani hokimiyatining bosh hisobchisi (D.Sapayeva) ajratilgan mablag‘lar maqsadli va to‘g‘ri sarflanishi ta’minlasin.
5. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari Sergeli tuman Kengashining mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi R.Baxritdinov va tuman hokimining birinchi o‘rinbosari A.Jumaboyevning zimmasiga yuklatilsin.
Ushbu qarorga asos sifatida:
• O‘zbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunning 6, 24-moddalari;
• O‘zbekiston Respublikasining “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuni;
• O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 avgustdagi “Toshkent shaxrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish bo‘yicha huquqiy eksperiment to‘g‘risida”gi PF-5515-sonli Farmoni;
• Toshkent shahar hokimining 2018 yil 19 noyabrdagi “Mahalliy byudjet daromadi prognozini oshirib bajarish hisobiga Toshkent shahar hokimligi boshqaruv apparati, shuningdek davlat boshqaruvi hududiy organlari xodimlarining faoliyatini baholash natijasiga ko‘ra ularning lavozim maoshlariga ustama belgilash haqidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 1643-sonli, 2019 yil 27 martdagi 462-sonli va 2019 yil 13 dekabrdagi 1765-sonli qarorlari;
• Toshkent shahar hokimining 2021 yil 8 iyuldagi 1-14-0-F/21, 2021 yil 6 avgustdagi 20-14-0-F/21, 2021 yil 30 avgustdagi 32-14-0-F/21, 2021 yil 7 oktyabrdagi 64-14-0-F/21, 2021 yil 9 noyabrdagi 90-14-0-F/21-sonli farmoyishlari keltiriladi.
Ayni vaqtda Shukurovning o‘z o‘ziga ustama belgilashi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab bahs munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Aslida tuman hokimi o‘ziga ustamani bir necha oy uchun, qolaversa, tumanning uchinchi chorak rejasini orttirilib bajarilgan qismidan kelib chiqib belgilagan. Har holda yosh hokimlarning korrupsiyaga qo‘l urmay, yer sotmay, ana shunday qonuniy yo‘l bilan ustama olishi ko‘p jihatdan to‘g‘ri. Biroq, masala O‘zbekistonda bir necha yillardan buyon muammo bo‘lib kelayotgan boshqa narsaga borib taqaladi. Xalq deputatlari tuman, shahar va viloyat kengashlari boshqaruvi tuman hokimlari zimmasida qolaverarkan, mana bunday kulgili holatlar kelib chiqaveradi. Kaltak esa Shukurov kabilarning boshida sinaveradi. Ustamalarni konvertda, xat-hujjatsiz olishga o‘rganganlarning esa oshig‘i olchi bo‘lib qolaveradi.
LiveBarchasi