“Eskini yamasang...” Toshkentdagi 37% transformatorlar 40 yildan beri ishlatilayotgani aytildi
Jamiyat
−
23 iyun 2023
6303Toshkent shahridagi transformatorlarning 37 foizdan ortig‘i 40 yildan ko‘proq vaqtdan beri ishlamoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda shahar energiya ta’minoti tizimiga 152 ta transformatordan iborat 82 ta podstansiya kiradi. Shuningdek, ushbu tizim elektr ta’minoti korxonasiga qarashli mingdan ortiq va iste’molchilar balansidagi 3 mingdan ortiq transformator punktlari hamda qariyb 8,5 ming kilometr uzunlikdagi elektr tarmoqlarini ham o‘z ichiga oladi.
Hokimlik bergan ma’lumotga ko‘ra, podstansiyalardagi 56 ta transformator va 1883 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish liniyalari 40 yildan ortiq vaqt davomida ishlab kelmoqda. Bundan podstansiyalardagi transformatorlarning 36 foizi hamda elektr uzatish tarmoqlarining 24 foizi 25 yildan 40 yilgacha bo‘lgan davrda ishlab kelayotgani aytilgan. Shu bilan birga shahar elektr ta’moinoti tizimidagi transformatorlarning 22 tasi (14 foiz) 10 yildan 25 yilgacha hamda 20 tasi (13 foiz) 10 yilgacha vaqtdan buyon ekspluatatsiya qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 23 iyun kuni poytaxtning o‘ndan ortiq mahallasida “svet” o‘chirilishi ma’lum qilingandi. Kecha, 22 iyun kuni to‘rtta tumanda, 21 iyun kuni ham yana to‘rt tumandagi ayrim mahallalarda, shuningdek, 20 iyun kuni 12 ta mahallada elektr ta’minoti vaqtincha uzilgandi.
LiveBarchasi