Eski qonunning yangicha ko‘rinishi: bizga SSPga majburiy a’zolik kerakmi?

Jamiyat

image

Joriy yilning 13 yanvar kuni “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Uning 17-moddasida Palataga a’zolik kichik tadbirkorlik sub’ektlari uchun ixtiyoriy, boshqa tadbirkorlik sub’ektlari uchun esa majburiy etib belgilanmoqda. 

Asos sifatida “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi qonun (yangi tahriri) qabul qilinganidan keyin Palata a’zoligiga yirik korxonalarni jalb qilish bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi. 827 tadan ortiq murojaatlar kelib tushdi, ularda yirik korxonalar ham xususiy tadbirkorlik sub’ektlari ekanligini ro‘kach qilib, majburiy a’zolik shartnomasini tuzishdan bosh tortgani bildirilgan.

Bu muammoning amaliyotda kelib chiqishiga “xususiy tadbirkorlik” tushunchasiga qonunchilikda aniq ta’rif berilmagani hamda amaldagi qonunchilikdagi tadbirkorlik sub’ektlarining turlari tasnifida tadbirkorlikning bunday turi ko‘rsatilmagani sabab bo‘lgan.

"Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunning 5-moddasiga ko‘ra, kichik tadbirkorlik sub’ektlari quyidagilardir:

1) yakka tartibdagi tadbirkorlar;
2) mikrofirmalar;
3) kichik korxonalar.

Taklif etilayotgan tahrirda faqatgina qonunda belgilangan mezonlarga javob beradigan kichik biznes sub’ektlari Palataga ixtiyoriy ravishda a’zo bo‘lishadi, qolganlar uchun esa majburiy a’zolik joriy etiladi, deb belgilangan.

Amaldagi avvalgi tahrirda esa mazkur Palataga a’zolik kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari uchun ixtiyoriy, boshqa tadbirkorlik sub’ektlari uchun esa majburiydir deyilgandi.

Hozirda qonun loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamalari portalida e’lon qilingan va muhokama 2020 yilning 28 yanvariga qadar davom etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Savdo-sanoat palatasi

Baholaganlar

29

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing