TRADE-IN: Endi avtomobilingizni yangisiga almashtirish mumkin bo‘ladi
Jamiyat
−
19 iyul 2019
7847O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi avtomobilsozlik sanoatini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzolagani haqida xabar bergan edik.
Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda “O‘zavtosanoat” AJning mamlakatda ishlab chiqarilgan yangi avtotransport vositalarini rasmiy dilerlik tashkiloti (keyingi o‘rinda – rasmiy diler)ga xaridorlar tomonidan ilgari foydalanilgan o‘zlariga tegishli avtotransport vositalarini topshirish hamda ular qiymatidagi farqni to‘lash orqali mahalliy avtomobillarning yangisini xarid qilish imkonini beruvchi “TRADE-IN” dasturini 2019 yil 1 oktyabrdan tatbiq etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.
“TRADE-IN” dasturi doirasida quyidagilar belgilandi:
a) rasmiy diler tomonidan jismoniy shaxslarning ilgari foydalanilgan avtotransport vositalarini sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini o‘z ichiga olgan sotilayotgan ob’ektning sotish narxi bilan balans qiymati o‘rtasidagi ijobiy farq soliqqa tortish bazasi bo‘lib hisoblanadi;
b) rasmiy dilerlar tomonidan amalga oshiriladigan quyidagi oldi-sotdi shartnomalariga nisbatan majburiy notarial rasmiylashtiruv tatbiq etilmaydi:
belgilangan shakldagi hisob-ma’lumotnomalarni xaridorga berish tartibini joriy etish orqali ilgari foydalanilgan avtotransport vositalarining oldi-sotdi shartnomalariga;
mahalliy ishlab chiqaruvchi zavodlarning rasmiy dilerlaridan sotib olingan yangi avtotransport vositalarining oldi-sotdi shartnomalariga;
v) rasmiy dilerlik tashkiloti tomonidan ilgari foydalanilgan avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun ularni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtida yig‘im to‘lanmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi avtotransport vositalarini ishlab chiqaruvchi mahalliy zavodlarning rasmiy dilerlarini “TRADE-IN” dasturi doirasida sotib olingan ilgari foydalanilgan avtotransport vositalarini sotish uchun tegishli darajada himoyalangan hisob-ma’lumotnomalar blanklari bilan belgilangan tartibda ta’minlaydi.
LiveBarchasi