Ertaga Toshkentning ayrim hududlari vaqtincha elektrsiz qoladi
Jamiyat
−
31 iyul 2023
7461Ertaga, 1 avgust kuni poytaxtning bir nechta mahallalari elektr energiyasidan uzib qo‘yiladi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Toshkent shahar filiali matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, iste’molchilarga sifatli va barqaror elektr energiyasi yetkazib berilishini ta’minlash va elektr tarmoqlaridagi avariya holatlarining oldini olish, kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida quyidagi manzillarda elektr ta’minoti vaqtinchalik o‘chiriladi:
• Chilonzor tumani: “Lutfiy” MFYning ayrim ko‘chalarida soat 10:00 dan 17:00 gacha;
• Bektemir tumani: “Sohil” MFYning ayrim ko‘chalarida soat 09:00 dan 17:00 gacha.
“O‘z navbatida yuqoridagi hududlarda ta’mirlash ishlari belgilangan vaqtdan avvalroq yakunlanishi mumkinligini bildirib o‘tamiz”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent shahar filiali mazkur ta’mirlash ishlari tufayli elektr ta’minotidagi vaqtincha uzilishlar sababli yetkazilayotgan noqulayliklar uchun ushbu hududlarda yashovchi aholidan uzr so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 31 iyul kuni ham poytaxtning Sergeli va Yangihayot tumanlarida uzoq vaqt davomida foydalanishda bo‘lgan elektr ta’minoti kabellari, transformatorlarni modernizatsiya qilish hamda shu orqali iste’molchilarga sifatli va barqaror elektr energiyasi yetkazib berilishini ta’minlash maqsadida “svet” o‘chirilgan edi.