Ertaga imtihon boshlanadi. Abituriyentlar nimalarni bilishi kerak?

Jamiyat

image

Ertaga, 2 sentyabrdan O‘zbekistonda davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun test sinovlari hamda ayrim yo‘nalishlarga ijodiy imtihonlar boshlanadi. Bu yil 1,5 millionga yaqin abituriyent OTMga kirish istagida ro‘yxatdan o‘tdi. Jami kvota esa 139 950 ta (kunduzgi – 103 575, sirtqi – 30 150 va kechki – 5 025).

Test sinovlari 2 smenada bo‘lib o‘tadi:

1-smena: soat 08:00 dan 11:00 gacha;
2-smena: soat 17:00 dan 20:00 gacha.

Abituriyentlarni testga kiritish vaqti:

1-smena soat 06:30 dan;
2-smena soat15:30 dan boshlanadi.

Kechikkan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi. Shuningdek, tana harorati ko‘tarilgan abituriyentlar ham test sinovlariga qo‘yilmaydi. Ularga imtihonlar tugaganidan keyin imkoniyat beriladi.

Testga kirish uchun 2 ta hujjat – pasport (original) va abituriyent ruxsatnomasi kerak bo‘ladi. Shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar: haydovchilik yoki harbiy guvohnoma kabilar o‘tmaydi. Test sinoviga kiritishda abituriyentning barmoq izi ham tekshiriladi.

Abituriyent ruxsatnomasini abitur.dtm.uz saytidagi abituriyentning shaxsiy kabinetidan yuklab olish mumkin. Agar shaxsiy kabinetga kirishning imkoni bo‘lmasa, abitur.dtm.uz/allow manzilidan ham yuklab olsa bo‘ladi.

Abituriyent ruxsatnomasida test sanasi, vaqti, joyi, sektor va guruh raqami ko‘rsatilgan bo‘ladi. Ruxsatnoma printerdan chop etib olinadi. Rangli bo‘lishi talab qilinmaydi. Abituriyent imtihonga erkin formada borishi mumkin. 

Testda 2 ta asosiy mutaxassislik fanidan 30 tadan jami 60 ta savol beriladi. 1-fan uchun 3,2 ball, 2-fan uchun 3,1 ball. Maksimal to‘plash mumkin bo‘lgan ball - 189 ball.

Abituriyentga testlarni yechish uchun jami 3 soat vaqt beriladi (javoblar varaqasini bo‘yash shuning ichida). Xorijiy tilda imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlarga 1 ta fan uchun 1,5 soat vaqt beriladi (javoblar varaqasini bo‘yash shuning ichida).

Mamlakatdagi epidemiologik vaziyat sabab test sinovlari vaqtida ota-onalar uchun kutish joylari tashkil qilinmaydi. Chekka hududlarda yashovchi abituriyentlar viloyat markaziga yetib olishi uchun avtobus tashkil qilinadi. Uning xizmatidan foydalanish erkin bo‘ladi.

Test jarayonlarini test2020.uz saytida yoki maxsus telekanal orqali kuzatib borish mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

OTM imtihon abiturient

Baholaganlar

341

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing