Ertaga Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi ochiladi
Jamiyat
−
16:59 2658 2 daqiqa
Ertaga, 19 mart kuni Samarqand viloyatining Payariq tumanidagi buyuk hadisshunos Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining ochilish marosimi o‘tkaziladi. Bu haqda bugun, 18 mart kuni Narpay tumanida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, so‘zining avvalida davlat rahbari yig‘ilganlarni kirib kelayotgan muborak Ramazon hayiti hamda qutlug‘ ayyom – Navro‘zi olam bilan chin yurakdan tabriklagan. Samarqandga oxirgi tashrifdan so‘ng o‘tgan to‘rt oy ichida mamlakat hayotida katta o‘zgarishlar ro‘y bergani ta’kidlangan.
Shu haftaning o‘zida Olmaliq shahrida 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushirildi, poytaxtda nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning ma’naviy xazinasi bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazi ochildi.
Ertaga Payariq tumanida buyuk hadisshunos Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining ochilish marosimi o‘tkaziladi.
“Aminmanki, bu muazzam ziyoratgoh xalqimiz bilan bir qatorda millionlab xorijiy turistlar tashrif buyuradigan tabarruk maskanga aylanadi”, deydi Prezident.
Shuningdek, Prezident belgilab olgan marralarga erishish uchun yanada samarali harakat qilish zarur ekanini qayd etgan.
“Biz Vatanimiz kuch-qudratini oshirish, har bir oila va har bir insonning hayotini yaxshilash bo‘yicha yanada katta marralarni olganmiz. Bugun hududlarda amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘rib, bunga yana bir bor ishonch hosil qildim.
Ayni paytda shuni yaxshi anglashimiz kerak, endi kechagi harakat bugunga, bugungisi esa ertangi kun talabiga kamlik qiladi. Shu bois, belgilab olgan marralarga erishish uchun yanada samarali harakat qilishimiz zarur”, deydi davlat rahbari.
Samarqand ishsizlik, kambag‘allik, investitsiya, eksport masalalari, umuman, barcha sohada namunaviy viloyat bo‘lishi shartligi qayd etilgan.
Viloyatda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun 100 million dollar, Urgut tumanining o‘ziga yana 50 million dollar ajratilgan. Umuman, viloyatga barcha manbalar hisobidan 11 trillion so‘m yo‘naltirilmoqda. Tadbirkorlarga kredit uchun yana 18 trillion so‘m resurs berilmoqda.
Hajmi jihatidan bu miqdordagi mablag‘ har qachongidan ko‘ra ko‘proq ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.