Ertaga bizni juda qiyin o‘yin kutyapti – Srechko Katanets

Sport

image

Ertaga, 30 yanvar futbol bo‘yicha Osiyo kubogining 1/8 finalidan o‘rin olgan O‘zbekiston-Tailand uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Bahs oldidan “oq bo‘rilar” bosh murabbiyi Srechko Katanets matbuot anjumanida qatnashib, o‘yin oldidan fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. 

“Ertangi o‘yin uchun hammamiz tayyormiz. Buning uchun bizda 7 kun vaqt bo‘ldi. Tailandga qarshi uchrashuvda barchasini maydonda ko‘rsatamiz.  Hech qaysi futbolchi jarohat olmasligi kafolatlanmagan. Buni boricha qabul qilamiz. Biz turnir davomida yaxshi o‘yin ko‘rsatdik. O‘yindan-o‘yinga raqiblar jiddiylashib borishi ma’lum edi. Ertaga juda qiyin o‘yin bizni kutib turibdi. Tailand hali gol o‘tkazmagan, ular raqibga yaxshi bosim o‘tkazadi. Bu jamoaga qarshi maydonga tushish taqvim omadli kelganini anglatmaydi. Ba’zi muhim o‘yinchilarimiz jarohat sababli yordam bera olmasa-da, qolgan barcha futbolchilar ertangi bahsga tayyor”, deydi Katanets.

Shuningdek, matbuot anjumanida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Odiljon Hamrobekov ham ishtirok etdi.

“Turnir o‘zining eng qizg‘in pallasiga kirdi va pley-off bosqichiga chiqqan barcha jamoalarni tabriklayman. Ertaga bizni tartibli o‘yin ko‘rsatadigan jamoaga qarshi muhim bahs kutib turibdi. Murabbiyimiz ta’kidlaganidek, biz uchrashuvga tayyormiz.  Qaysi jamoa chorak finalga yo‘l olishi noma’lum. Avvalo, diqqat-e’tiborimiz ertangi o‘yinga qaratilgan. Kechagi bahsdan avval aksariyat mutaxassislar BAA terma jamoasini favorit deb hisoblagan edi, biroq Tojikiston g‘alaba qozondi, ularni tabriklayman. Biz ham eng yuqori natijani maqsad qilganmiz va uni amalga oshirish uchun harakat qilyapmiz”, deydi Hamrobekov.

Hamrobekov bo‘lajak raqib ancha yaxshi o‘yin ko‘rsatishini aytib, terma jamoadagi jarohatlar bilan bog‘liq muammolarga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Tailand hali gol o‘tkazib yubormadi, ular tartibli himoyalanishadi. Jismoniy holat bilan bog‘liq muammo yo‘q, maydonda ikkala jamoa ham bir xil sharoitda bo‘ladi. Kim o‘z imkoniyatlaridan unumli foydalansa, yaxshi natijaga erishadi. Hujum bilan bog‘liq muammolar ustida ishlayapmiz. Jiddiy jarohat olgan jamoadoshlarimiz o‘z klublariga qaytdi, tuzalish ehtimoli borlar esa shifokorlar nazorati ostida. Ularning biz bilan bo‘lishi barchamiz uchun foydali bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qildi futbolchi.


Maqola muallifi

Teglar

Osiyo kubogi Srechko Katanets Odiljon Hamrobekov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made