Ersin Tatar Nyu-Yorkdan quruq qo‘l bilan qaytdi
Olam
−
19 iyul 8035 4 daqiqa
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi (SHKTR) prezidenti Ersin Tatar Nyu-Yorkdagi Kipr bo‘yicha kengaytirilgan 5+1 norasmiy uchrashuvida Kipr Respublikasi bilan chegara hududda quyosh energiyasi zonasini tashkil etish va yangi chegara punktlari ochish masalalasida hech qanday kelishuvga erisholmadi. Bu haqda Ersin Tatar kecha, 18 iyul kuni Nyu-Yorkdan qaytgach, Erjan aeroportida o‘tkazgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
Tatar uchrashuvga Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh kotibi Antoniu Guterrishning taklifi bilan borganini aytgan. Tatar diplomatiyadan, muloqotdan va aloqalardan hech qachon qochmaganligi va har doim turk xalqining manfaatlarini himoya qilishga intilganini ta’kidlagan.
Norasmiy uchrashuvda olti mavzu muhokama qilinib, faqat to‘rttasida ijobiy siljish kuzatilgan. Kipr Respublikasi bilan chegara hududda quyosh energiyasi zonasi tashkil etish va yangi chegara punktlari ochish bo‘yicha esa siljish bo‘lmagan. Uchrashuv yakunida Kipr orolining zilzila xaritasini tuzish, mikroplastik chiqindilarni tozalash, madaniy meros va bedarak yo‘qolganlar uchun ikki rahbar tomonidan fond tuzish, havo sifati monitoringi, chuchuk suv resurslarini birga boshqarish, shuningdek, giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. Biroq Tatar so‘nggi masalada ikki tomonning politsiya idoralari o‘rtasida hamkorlik taklifiga Kipr Respublikasi tomoni rozi bo‘lmaganini bildirgan.
Tatar sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasi doirasida yana bir uchrashuv bo‘lishi kutilayotgani, yil oxirigacha esa 5+1 formatida navbatdagi yig‘ilish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan. Chegara hududidagi quyosh energiyasi ishlab chiqarishdan olinadigan elektrning SHKTRga uzatilishi kerakligini aytib, Rum tomonning uni umumiy tizim orqali yetkazish taklifini qabul qilmasliklarini bildirgan.
Yangi chegara punktlari ochilishi masalasida esa Tatar BMT Bosh kotibi Guterrishning tashabbuskor bo‘lgani, Hamitkoy va Akinjilar punktlari ochilishi masalasida muzokaralar bo‘lib o‘tganini bildirgan. Rum tomoni tranzit yo‘l ochishni taklif qilgan bo‘lsa-da, SHKTR bunga faqat to‘liq chegarani nazorat qilish sharti bilan rozi bo‘lgan. Turkiya va harbiy doiralar bilan maslahatlashgan holda Tatar ushbu yo‘lning bir qismi turk yeridan o‘tishini taklif qilgan, ammo greklar bu taklifni rad etib, yo‘l faqat chegara hududdan o‘tishini istagan. Tatar esa xavfsizlik va harbiy sabablarga ko‘ra bu taklifni qabul qilmaslikligini aytgan.
Tatar BMT Bosh kotibi Guterrishning halolligi va samimiyatini alohida e’tirof etib, uning Kipr masalasini chuqur tushunishi va oldingi muzokaralarida ham ishtirok etganini eslatgan.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan ham Tatarni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan. Tatar uchrashuvda asosiy tomonlar SHKTR va grek rahbari bo‘lgani, boshqa tomonlar esa kuzatuvchi sifatida qatnashganini ta’kidlagan.
Tatarning qo‘shimcha qilishicha, uchrashuv chog‘ida mulk masalasi ham ko‘tarilgan. Tatar bu borada yaxshi muhit yaratishga intilishlariga qaramay, Rum tomoni ayrim turklarni hibsga olib, bu muhitni buzganini aytgan. U Kipr turklariga qarshi davom etayotgan sanksiyalar va izolyatsiyalarni “insoniyatga qarshi munosabat” deb atagan va bu muammo Janubiy Kipr ma’muriyati rahbari Nikos Xristodulidis davrida yanada kuchayganini ta’kidlagan. Tatarga ko‘ra, ushbu zo‘ravonliklar Kipr turklarini siyosiy jarayonlardan chetda qoldirish va ularni yanada ko‘proq bosim ostida saqlashga qaratilgan.
Ma’lumot uchun, 5+1 – bu Kipr orolidagi siyosiy muammoni hal qilish uchun tashkil etilgan xalqaro muzokaralar shaklidir. Unda jami 6 tomon qatnashadi – Shimoliy Kipr (ya’ni Turk tomoni), Janubiy Kipr (ya’ni Rum tomoni), Turkiya, Gretsiya, Buyuk Britaniya va Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT). Shu sababli bu format 5+1 deb ataladi. Bu besh asosiy tomon va bir vositachi (BMT) degani.
Bu muzokaralar Kipr orolidagi ikki asosiy jamiyat – turklar va rumlar (ya’ni yunonlar) o‘rtasidagi yillar davomida hal bo‘lmay kelayotgan muammoni yechish uchun o‘tkaziladi. 1974 yilda yuz bergan siyosiy to‘qnashuvlardan so‘ng orol ikki qismga bo‘lingan – shimoliy qismi hozirda faqat Turkiya tomonidan tan olingan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi, janubiy qismi esa xalqaro maydonda tan olingan Kipr Respublikasi (ya’ni Rum tomoni).
Rum tomoni deganda, aynan shu Kipr Respublikasining janubiy qismi, ya’ni yunon millatiga mansub kiprliklar nazarda tutiladi. Ular Yevropa Ittifoqiga a’zo va xalqaro darajada tan olingan yagona rasmiy vakil sifatida ko‘riladi. Ammo Shimoliy Kiprdagi turklar o‘z suveren davlatlari borligini aytib, teng huquqli davlat sifatida tan olinishni talab qilmoqda. 5+1 uchrashuvlari aynan mana shu ikki tomon o‘rtasida yechim topish uchun uyushtiriladi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr