Eronning Isroilga yetkazgan zarari ochiqlandi

Olam

image

Eron bilan bo‘lgan qurolli to‘qnashuv davomida Isroilga yetkazilgan moddiy zarar 10 milliard shekelga (taxminan 3 milliard dollarga) teng. Bu haqda Isroil Moliya vazirligi va soliq xizmati bergan ma’lumotlarga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu raqamlar faqatgina raketalar bilan zararlangan binolarni tiklash va mahalliy biznesga tovon to‘lash xarajatlarini qamrab oladi. Ishlatilgan qurollar va havo mudofaa tizimlarining o‘rnini bosish xarajatlari esa bu hisob-kitobga kiritilmagan.

Isroil Soliq boshqarmasi rahbari Shay Aaronovichning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakat tarixidagi eng yirik moddiy talafotdir. Moliya vaziri esa urushning umumiy xarajatlari 12 milliard dollarga yetishi mumkinligini aytgan. Isroil Markaziy banki rahbari Amir Yaron esa bu raqamni ancha past, taxminan 6 milliard dollarga baholagan.

Ma’lum qilinishicha, yangi urush oqibatida iqtisodiy qiyinchiliklar yanada kuchaymoqda. Markaziy bank ilgari 2025 yil uchun YAIM o‘sishini 3,5 foiz deb prognoz qilgan bo‘lsa-da, bu raqam qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Eron bilan bo‘lgan urush avvalgi harbiy to‘qnashuvlarga qaraganda ancha qimmatga tushgan. Sababi bu safar raketa hujumlari asosan markaziy Isroildagi zich aholi yashaydigan shaharlarga, jumladan Tel-Aviv aglomeratsiyasiga qaratilgan bo‘lib, u yerda mamlakat aholisi yarmidan ko‘pi istiqomat qiladi.

Shuningdek, Eron tomonidan ishlatilgan raketalarning aksariyati kamida 500 kilogrammlik jangovar kallaklarga ega bo‘lib, o‘q uzilganda parchalanadigan o‘q-dorilarni o‘z ichiga olgan. Isroil razvedkasi hisobiga ko‘ra, mojaro boshlanishidan oldin Eronda shunday 2000–2500 ta raketa bor edi va ulardan taxminan yarmi saqlanib qolgan.

Isroil va Eron o‘rtasidagi urush

13 iyun kuni Isroil Eron hududiga dron va raketalar orqali hujum boshladi. Bu havo hujumlari deyarli ikki hafta davom etdi va faqatgina 24 iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan e’lon qilingan o‘t ochishni to‘xtatish qaroridan so‘ng yakunlandi.

Isroil rasmiysi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, hujumlar oqibatida 28 kishi halok bo‘lgan, 1300 dan ortiq kishi tan jarohati olgan. Eron esa 627 nafar fuqarosi halok bo‘lganini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing