Eronlik xakerlar Bayden va Trampga “hujum qildi”
Olam
−
24 avgust
3507Eronning APT42 tipidagi xakerlar guruhi bir qator G‘arb siyosatchilari, jumladan, Bayden va Trampning ijtimoiy tarmoqdagi akkauntlarini buzishga urindi. Bu haqda kecha, 23 avgust kuni Meta kompaniyasi ma’lum qildi.
Nishonga olinganlar orasida Isroildagi siyosatchilar, diplomatlar va jamoat arboblari, shuningdek, Eron va Falastin milliy ma’muriyatidagi huquq faollari ham bor. Ayniqsa, Oq uy rahbari Jo Bayden hamda AQSHning sobiq prezidenti Donald Trampga aloqador WhatsApp akkauntlari alohida ko‘rsatilgan.
Meta xabariga ko‘ra, xakerlar fishing usulini qo‘llagan – ular o‘zlarini turli xizmatlar (AOL, Google, Yahoo va Microsoft) texnik qo‘llab-quvvatlash xodimlari sifatida ko‘rsatgan va ularni aldab, potensial qurbonning akkauntiga kirishga harakat qilgan. Hujumga uchragan ba’zi odamlar ushbu shubhali xabarlar haqida WhatsApp’ning texnik yordam bo‘limiga xabar bergan. Xakerlarning hujumlari muvaffaqiyatsiz tugagan.
Google vakillari shu kabi xakerlik hujumlarini avgust oyi o‘rtalarida e’lon qilgan edi. APT42 Isroilning sobiq yuqori martabali harbiy amaldorlari va aerokosmik rahbarining akkauntlarini nishonga olishga urinib, jurnalistik so‘rovlar niqobi ostida mamlakatning qo‘shni davlatlardagi nishonlarga bergan zarbalariga izoh berish uchun elektron pochta xabarlarini yuborgandi. Elektron pochta xabarlarida nishonga olingan qurbonning hisob ma’lumotlarini to‘playdigan fishing resursiga olib keladigan qisqartirilgan havola mavjud edi.
Google ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi olti oy ichida Qo‘shma Shtatlar va Isroil barcha APT42 hujumlarining qariyb 60 foizini tashkil qilgan. Kompaniya, xuddi Meta singari, eronlik xakerlar faoliyatini AQSHda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari bilan bog‘laydi.
Shunday qilib, yaqinda sodir bo‘lgan hujumlar bo‘lajak saylovlarda demokratlardan nomzod bo‘lgan vitse-prezident Kamola Harrisning ishlariga ham ta’sir qildi. Bundan tashqari, iyun oyida xakerlar Tramp kampaniyasining ichki hujjatlariga kirish huquqiga ega bo‘lgandi.
Hujumlar soni ortib borayotgani haqidagi ma’lumotlarni AQSH Milliy razvedka xizmati, Federal qidiruv byurosi va Milliy xavfsizlik departamenti qoshidagi Kiberxavfsizlik va infratuzilma xavfsizligi agentligi ham tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xitoylik xakerlar Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi bazasini buzib kirgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi