Eronga aloqador pokistonlik Trampga suiqasd uyushtirishda ayblanmoqda
Olam
−
07 avgust
3257AQSH Adliya vazirligi Eron hukumati bilan aloqasi borligi da’vo qilinayotgan pokistonlik shaxsni siyosiy qotilliklarni amalga oshirishga uringanlikda aybladi, bu Qo‘shma Shtatlar hukumatini sobiq prezident Donald Tramp va boshqa rasmiylar xavfsizligini kuchaytirishga undadi. Bu haqda sud xulosalariga tayanib, CNN xabar berdi.
FQB tergovchilarining fikricha, Tramp va boshqa sobiq hukumat amaldorlari fitnaning mo‘ljaldagi nishonlari bo‘lgan. Bruklin federal prokurorlari tomonidan qo‘yilgan ayblovlarga ko‘ra, 46 yoshli Asif Merchant Nyu-York shahriga borgan va avgust oyi oxiri yoki sentyabr oyi boshida qotilliklarni amalga oshirishni rejalashtirgan.
Merchant 12 iyul kuni Qo‘shma Shtatlarni tark etishga tayyorgarlik ko‘rayotganda hibsga olingan.
“Kecha, 6 avgust kuni AQSH prokuraturasi tomonidan fosh qilingan fitna Eronning Trampni o‘ldirish bo‘yicha batafsil rejalari ro‘yxatini kengaytirmoqda”, deya xabar berdi milliy xavfsizlik rasmiylari.
Eslatib o‘tamiz, AQSHning sobiq prezidenti 13 iyul kuni Pensilvaniya shtatining Butler shahrida saylovoldi tashviqoti mitingida yaralangan edi.
Zebo Turobjonova