Eronda namoyishlarda qatnashgan 22 ming kishi afv etildi
Olam
−
13 mart 2023
2941Eron adliya idoralari hukumatga qarshi namoyishlarda qatnashgan 22 ming kishini afv etdi. Bu haqda bugun, 13 mart sud hokimiyati rahbari G‘ulomhusayn Mohseni Ejeyga tayanib IRNA axborot agentligi xabar berdi.
“Hozirgacha 82 ming kishi, jumladan, namoyishlarda qatnashgan 22 ming kishi avf etilgan”, degan Ejey.
Biroq u avf qaysi muddatda e’lon qilingani, odamlarga qachon va qanday ayblov qo‘yilganiga aniqlik kiritmagan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oy boshida Eron Oliy rahbar Oyatulloh Ali Homanaiy Islom inqilobi g‘alabasining 44 yilligi munosabati bilan o‘n minglab mahbuslarni, jumladan, norozilik namoyishlarida qo‘lga olinganlarni afv etgandi.
Mahsa Amini vafoti va namoyishlar
2022 yilning 16 sentyabr kuni Eronda axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini vafot etdi. Uning vafotidan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi.
Namoyish sifatida butun mamlakat bo‘ylab ayollar hijobni yoqib, sochlarini kesdi. Ushbu norozilik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado berdi. Namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib, xavfsizlik kuchlariga tosh otdi, politsiya mashinalari va axlat qutilariga o‘t qo‘ydi, hukumatga qarshi shiorlar aytdi.
Amini poytaxtda Eron axloq politsiyasi tomonidan ayollarning sochlarini hijob yoki ro‘mol, qo‘l va oyoqlarini keng kiyim bilan o‘rashni talab qiluvchi qonunni buzganlikda ayblanib hibsga olingan edi.
Qo‘lga olinganidan uch kun o‘tgach, Amini vafot etdi. Rasmiylarga ko‘ra, o‘limga "yurak yetishmovchiligi" sabab bo‘lgan. Ammo marhumning qarindoshlari qizning yuragida hech qachon muammo bo‘lmaganini da’vo qilmoqda. Ular jabrlanuvchi kaltaklash oqibatida vafot etgan, deb taxmin qilmoqda. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari vazifasini bajaruvchi Nada Al-Nashif Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlarga ishora qildi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari hibsga olingandan keyin vafot etgan eronlik Mahsa Amini o‘limi sababli Eronning axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Keyinroq Kanada ham bir necha o‘nlab Eron rasmiylari, biznes vakillari, shuningdek, Eron axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar joriy etishga qaror qildi.
Eronda uning o‘limidan so‘ng butun mamlakat bo‘ylab misli ko‘rilmagan norozilik to‘lqini kuzatildi. Uch oy ichida miting va yurishlar 157 ta shahar va aholi punktlarini qamrab olgan. Ularning ishtirokchilari demokratik o‘zgarishlarga chaqirib, hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan repressiyalarni qoraladi va hibsga olinganlarni ozod qilishni talab qildi. Sentyabr o‘rtalaridan beri Eronda jami 18,5 ming kishi hibsga olingan. Tartibsizliklarni bostirish vaqtida 507 nafar faol va 66 nafar xavfsizlik xizmati xodimi halok bo‘lgan.