Eronda qo‘shiqchi o‘limga hukm qilindi
Olam
−
20 yanvar
27288Eron sudi mashhur qo‘shiqchi Amir Husayin Mag‘sudluni (Tatalu nomi bilan tanilgan) kufrda ayblab, unga o‘lim jazosi tayinladi. Bu haqda “Etamed” gazetasi xabar berdi.
“Oliy sud prokurorning avvalgi besh yillik qamoq jazosi haqidagi qarorga e’tirozini qabul qildi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ish qayta ko‘rib chiqilgan va bu safar ayblanuvchiga payg‘ambarni haqorat qilgani uchun o‘lim jazosi tayinlangan. Shuningdek, xabarda hukm hali yakuniy emasligi va unga apellyatsiya berish mumkinligi aytilgan.
Ma’lumot uchun, 37 yoshli xonanda 2018 yildan beri Turkiyaning Istanbul shahrida yashab kelayotgan edi. 2023 yil dekabr oyida Turkiya politsiyasi uni Eronga topshirgan. Shundan beri Tatalu Eronda hibsda saqlanmoqda.
Tatalu, shuningdek, fahshni targ‘ib qilgani uchun 10 yillik qamoq jazosiga ham hukm qilingan va Eron Islom Respublikasi hukumatiga qarshi targ‘ibot olib borish hamda axloqsiz kontent e’lon qilishda ayblangan.
Tatuirovkalarga boy qo‘shiqchi rep, pop va R&B musiqasini uyg‘unlashtirgan ijodi bilan tanilgan. Ilgari u yosh, erkin fikrlovchi eronliklarga ta’sir o‘tkazish maqsadi uchun konservativ siyosatchilar orasida mashhur bo‘lgan. Tatalu hatto 2017 yilda o‘ta konservativ sobiq Eron prezidenti Ibrohim Raisiy bilan televizion uchrashuv o‘tkazgan edi.
Shuningdek, 2015 yilda Tatalu Eronning yadro dasturini qo‘llab-quvvatlovchi qo‘shiqni e’lon qilgan, ammo bu dastur 2018 yilda o‘sha paytdagi AQSH prezidenti Donald Tramp davrida barbod bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2024 yil Eronda oxirgi 30 yil ichida eng ko‘p odam qatl etilgani xabar qilingandi. O‘tgan yil davomida ushbu mamlakatda 997 kishi qatl etilgan. Bu esa 2023 yilga nisbatan 16 foizga ko‘proq degani. 2024 yil oktyabr oyining o‘zida Eronda 170 kishi o‘limga hukm qilingan.
LiveBarchasi