Eronda Isroil bilan aloqadorlikda ayblanib, 6 kishi qatl etildi
Olam
−
04 Oktabr 2025 2720 1 daqiqa
Eronning janubi-g‘arbiy Xuziston viloyatida olti kishi terrorchilik, ajralib chiqishga urinish (separatizm) va Isroil bilan aloqada bo‘lganlikda ayblanib qatl etildi. Bu haqda bugun, 4 oktyabr kuni “Mehr” xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, qatl etilgan shaxslar xorijiy agentlardan ham yordam olgan.
“Bugun ertalab barcha huquqiy jarayonlar yakunlanib, Eron Oliy sudi roziligidan so‘ng Xuziston xavfsizligiga so‘nggi yillarda zarar yetkazgan, bir qator qurolli hujumlar va portlashlarni amalga oshirgan olti nafar terrorchi va separatistning hukmi ijro etildi”, deyiladi xabarda.
Xususan, qatl etilganlar Xuziston viloyatidagi xavfsizlik ob’ektlariga uyushtirilgan hujumlarga aloqadorlikda ayblangan. Ular xavfsizlik xizmati xodimlarini o‘ldirish va Xurramshahrdagi yoqilg‘i quyish shoxobchasida sodir etilgan portlashda ishtirok etganlikda ham aybdor deb topilgan. Sud bayonotiga ko‘ra, bu shaxslar tinch aholiga va harbiy ob’ektlarga qarshi hujumlar uyushtirishni rejalashtirgan, shuningdek, mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida chet eldan yordam olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronda Isroilning eng muhim josuslaridan biri Bahman Choubi-Asl qatl etilgani haqida xabar berilgan edi. U ma’lumotlar bazasi bo‘yicha ekspert bo‘lib, mamlakatning muhim telekommunikatsiya loyihalarida ishtirok etgan. O‘z tajribasi sababli ko‘plab loyihalarida menejer sifatida qatnashgan va mamlakatning hayotiy muhim ma’lumotlar bazalariga kirish huquqiga ega bo‘lgan.