Eronda Germaniya fuqarosi qatl etildi

Olam

image

Germaniya fuqaroligiga ega bo‘lgan eronlik Jamshid Sharmahd hibsda qatl etildi. Bu haqda kecha, 28 oktyabr kuni Eronning rasmiy adliya portali “Misan” xabar berdi.

Aniqlik kiritilishicha, qatl ertalab sodir bo‘lgan, Eronda o‘lim jazosi odatda osish orqali amalga oshiriladi.

Muxolifatdagi Xristian-demokratik ittifoq/Xristian ijtimoiy ittifoq blokidan Germaniya kansleri lavozimiga nomzod Fridrix Mers Eron hukumati tomonidan “o‘ta dahshatli jinoyat” sodir etilganini e’lon qildi.

“Eron rejimi yana bir bor o‘zining g‘ayriinsoniy xarakterini namoyish etdi. Eron bilan "sokin diplomatiya" yondashuvi muvaffaqiyatsizlikka uchradi”, dedi siyosatchi.

U Germaniya hukumatini voqeaga "qat’iy" javob berishga chaqirdi.

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok qatlni qoraladi. Uning aytishicha, muammoni hal qilish uchun bir necha bor Eronga yuqori darajadagi guruh yuborilgan.

“Biz Tehronga Germaniya fuqarosining qatl etilishi jiddiy oqibatlarga olib kelishini bir necha bor tushuntirganmiz”, dedi Berbok. 

Huquq himoyachilari va ayniqsa, Sharmahdning AQSHda yashovchi qizi oxirigacha mahkumni qutqarish uchun kurashdi. Sharmahdning yaqinlariga ko‘ra, u so‘nggi bir necha yil davomida AQSHda yashab kelgan va 2020 yilda Dubayda bo‘lgan vaqtida Eron razvedkachilari tomonidan o‘g‘irlab ketilgan. Tehron uni Eronda terrorchi tashkilot sifatida tan olingan “Tondar” muxolifat guruhi rahbari deb hisoblagan. 

“Erkak 2020 yildan beri hibsda va shu vaqt ichida o‘zi tanlagan advokatdan foydalana olmagan. Bundan tashqari, Eron rasmiylari Germaniya fuqaroligiga qaramay, Sharmahdga konsullik kirishiga ruxsat bermagan”, deyiladi Yevropa Ittifoqining mazkur masala bo‘yicha bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil fevral oyida Eron sudi Jamshid Sharmahdni “Yerdagi korrupsiya” jinoyatida aybdor deb topib, uni o‘lim jazosiga hukm qilgandi.

Shundan so‘ng, Germaniya Tashqi ishlar vazirligi o‘lim hukmi munosabati bilan Eronning muvaqqat ishlar vakilini chaqirtirdi, shuningdek, Eron elchixonasining ikki xodimini nomaqbul shaxslar deb e’lon qildi. Germaniya kansleri Olaf Shols ham hukmni tanqid qilib, uni qabul qilib bo‘lmas deb atadi.  Eron esa Germaniyani “terrorizmni qo‘zg‘atishda” va mamlakat ichki ishlariga aralashishda aybladi. Aprel oyida Eron Oliy sudi terrorizmda ayblangan Sharmahdga nisbatan chiqarilgan o‘lim jazosini o‘z kuchida qoldirdi.

Jasmina Rasulova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Germaniya Eron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing