Eron Zangezur koridorining AQSH nazoratiga o‘tishiga qarshi chiqdi
Olam
−
10 avgust 8977 2 daqiqa
Eron hukumati Ozarbayjon va Naxchivan anklavi o‘rtasida Armaniston hududi orqali o‘tadigan Zangezur yo‘lagini AQSH qabul qilib olishiga qarshi chiqdi. Bu haqda “Tasnim” xabar berdi.
Eron oliy rahnamosining xalqaro masalalar bo‘yicha maslahatchisi Ali Akbar Velayati Islom Respublikasi yo‘lak yaratishga ruxsat bermasligini aytib, bu yo‘lak AQSH Prezidentiga tegishli marshrut emas, balki “Donald Trampning yollanma askarlar qabristoni”ga aylanishini aytdi.
Velayatining qo‘shimcha qilishicha, Eron har doim Zangezur yo‘lagi yaratilishiga qarshi bo‘lib kelgan, chunki bu Eron chegaralarini qayta ko‘rib chiqish va Armanistonning parchalanishiga olib keladi, shuningdek, Janubiy Kavkaz xavfsizligiga tahdid soladi. U koridor yaratilishini Eron va qo‘shni davlatlarga qarshi siyosiy fitna, deb atadi.
“Eron Rossiya bilan yoki Rossiyasiz Janubiy Kavkazning xavfsizlik manfaatlariga muvofiq harakat qilishini ta’kidlamoqda. Biz Rossiya ham strategik jihatdan bu koridorga qarshi, deb hisoblaymiz”, degan Velayati.
Uning ta’kidlashicha, Eron o‘z manfaatlarini qat’iy himoya qilish huquqiga ega.
Eron oliy rahbarining maslahatchisi Ozarbayjonga Naxchivan Muxtor Respublikasiga borish uchun alohida yo‘lak kerak emas, chunki u Eron hududidan aloqa uchun foydalanishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Armaniston va Ozarbayjon 8 avgust kuni AQSH vositachiligida harbiy harakatlardan voz kechish haqidagi deklaratsiyani imzoladi. Deklaratsiyada, jumladan, Ozarbayjon va Naxchivan eksklavi o‘rtasida transport yo‘lagi yaratilishi aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda Ilhom Aliyev O‘zbekiston ham manfaatdor bo‘lgan Zangezur koridori nega muhimligini tushuntirib bergan edi. Aliyev o‘shanda Zangezur transport yo‘lagi Ozarbayjon loyihasi bo‘lib, undan Rossiya, Eron, Turkiya va boshqa qator davlatlar, jumladan O‘zbekiston ham manfaatdor bo‘lishini aytib o‘tgan. U Osiyodan Yevropaga eng qisqa quruqlik yo‘lini ta’minlaydi. Joriy yilda esa Armaniston parlamenti vitse-spikeri Ruben Rubinyan Armaniston hech qachon Ozarbayjonga o‘z hududida koridor berishga rozi bo‘lmasligini bildirgan.