Eron yangi ballistik raketani sinovdan o‘tkazdi

Olam

image

Eron 17 aprel kuni Qassem Basir yangi qattiq yonilg‘ili ballistik raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda kecha, 4 may kuni kechqurun Eron Mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda IRIB 2 davlat telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

U raketa manyovr qobiliyatini yaxshilagani va “THAAD va Patriot kabi havo hujumidan mudofaa tizimlari hamda Isroilda mavjud bo‘lganlarga daxlsiz” ekanini aytdi.

Nosirzoda, shuningdek, AQSHni Eron “agar unga hujum qilinsa yoki urushga majburlansa”, “qat’iy javob berishga tayyor”ligidan ogohlantirdi. Eron Mudofaa vazirligi rahbari Tehron “qo‘shni davlatlarga nisbatan dushmanlik his qilmasligi va ular bilan birodarlik munosabatlariga intilishi”ga ishontirdi, biroq urush boshlangan taqdirda ularning hududidagi Amerika bazalari Eron harbiylari uchun “qonuniy nishon”ga aylanadi.

Yaman husiylarining Isroilga yaqinda uyushtirgan raketa hujumiga izoh berar ekan, Nosirzoda Yaman “o‘zi qaror qabul qiladigan mustaqil davlat” ekanini aytdi. U, shuningdek, AQSH rasmiylarining Eron bu mamlakatdagi mojaroga aloqadorligi haqidagi da’volarini rad etdi.

4 may kuni Yamandan uchirilgan raketa Tel-Aviv yaqinidagi Ben Gurion xalqaro aeroporti yaqiniga quladi. Jarayonda olti kishi jarohatlangan. Keyinroq Lufthansa aviakompaniyasi vakillari Tel-Avivga 6 maygacha reyslarni amalga oshirmasligini e’lon qildi. Xuddi shunday qarorlar British Airways, Air France va boshqa bir qancha yirik xalqaro aviatashuvchilar tomonidan ham qabul qilingan.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Mudofaa vaziri Isroil Kats hujumga keng ko‘lamli va ko‘p tomonlama javob berishga va’da berdi. Netanyaxu, jumladan, husiylar hujumi ortida Eron turgani haqida fikr bildirdi va uning mamlakati Tehronga “aniq signal” yetkazishiga ishontirdi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp 30 mart kuni Tramp NBC News telekanaliga bergan navbatdagi intervyusida Eron yadroviy dasturi bo‘yicha Vashington bilan kelishuvga erishmasa, “misli ko‘rilmagan” portlashlar va ikkilamchi tariflar bilan tahdid qilgan edi. Shundan so‘ng, Vashington va Tehron Ummon vositachiligida Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralarning uch raundini o‘tkazdi. Ular 12, 19 va 26 aprel kunlari bo‘lib o‘tdi.

22 aprel kuni “Time” jurnaliga bergan intervyusida (uch kundan keyin chop etildi) Tramp Eron bilan kelishuvga erishish imkoniyatini ko‘rishini va Islom Respublikasi yetakchilari bilan uchrashishga tayyorligini bildirdi. Shu bilan birga, agar kelishuvga erishilmasa, harbiy choralar ko‘rish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini yana bir bor ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron ballistik raketa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing